“So‘g‘diyona” OFK kubogi finaliga chiqa olmadi
Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” markaziy stadionida “OFK kubogi-2022” final yo‘llanmasi uchun yarim final bahsi bo‘lib o‘tdi. Ushbu hududlararo final uchrashuvida O‘zbekistonning “So‘g‘diyona” jamoasi Malayziyaning “Kuala-Lumpur Siti” klubini qabul qildi.
O‘yin jizzaxlik futbolchilarning hujumi bilan boshlanib, maydonda to‘pga egalik qilish, xavfli vaziyatlar yaratish, darvoza tomon berilgan zarbalar borasida ham to‘liq ustunlik qildi. Faqat bu ustunlikni hisobda aks ettirish uchun Ulug‘bek Baqoyev shogirdlarida aniqlik yetishmadi.

Jami 120 daqiqa davomida hisob ochilmagach, reglamentga ko‘ra penaltilar seriyasiga murojaat etildi. O‘ziga xos “lotereya”da omad Malayziya futbolchilariga kulib boqdi. OFK kubogi Hududlararo finali “So‘g‘diyona” (O‘zbekiston) – “Kuala-Lumpur Siti” (Malayziya) asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda hisob 0:0, penaltilar seriyasida esa hisob 3:5 mehmonlar foydasiga hal bo‘ldi.

Shunday qilib, “So‘g‘diyona”ning qit’a kubogi uchun olib borgan kurashi yarim finalda nihoyalanib, “Kuala-Lumpur Siti” OFK kubogi finaliga yo‘l oldi.

“So‘g‘diyona” futbolchilari o‘z tarixida ilk bor qit’a musobaqasida ilk bor ishtirok etib, 5 marta maydonga tushdi va ularning 4 tasida g‘alaba qozondi.
A.Qayumov, O‘zA