“So‘g‘diyona” “Dinamo”ga yutqazdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasida FIFA kunlari munosabati bilan tanaffus yuzaga keldi va undan unumli foydalanayotgan mamlakatimiz milliy terma jamoasi Janubiy Koreyada o‘quv-yig‘inlarida ishtirok etmoqda.
U yerda joriy yil noyabr oyi oxirlari va dekabrda Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan – Afrika qit’asining Kamerun hamda Shimoliy Amerikaning Kosta Rika termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etish rejalashtirilgan.
Kamerun termasi bilan o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida o‘zbekistonliklar 2:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. 27 sentyabr kuni esa terma jamoa futbolchilari Kosta Rika jamoasiga qarshi maydonga chiqadi.

Tanaffusdan foydalanib, klublar ham nazorat o‘yinlarini o‘tkazmoqda.
Kuni kecha ana shunday uchrashuvlardan biri Jizzaxda “So‘g‘diyona” va Samarqandning “Dinamo” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Bahsning birinchi bo‘limida hisob ochilmagan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limning 57-daqiqasida jizzaxlik Shahboz Jo‘rabekov o‘z jamoasi darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi – 0:1. So‘ng o‘zi yo‘l qo‘ygan xatosini “yuvib”, samarqandliklar darvozasiga to‘p kiritdi va o‘rtadagi farqni tenglashtirdi – 1:1.
67-daqiqada “Dinamo”ning navbatdagi hujumi paytida to‘p yana mezbon futbolchiga tegib, “So‘g‘diyona” darvozasidan joy oldi – 1:2.
O‘yinning 79-daqiqasida, zaxiradan maydonga tushirilgan “Dinamo” hujumchisi Sahob Rashidov o‘zining sobiq jamoasi darvozasiga g‘alaba golini kiritdi.
Nazorat uchrashuvida yakuniy natija – 1:3.
A.Qayumov, O‘zA