“So‘g‘diyona” chorak finalga chiqdi
Jizzax shahrida futbol bo‘yicha Coca Cola O‘zbekiston kubogi nimchorak final bahslarida “So‘g‘diyona” bir martalik o‘yinda Toshkentning “Lokomotiv” jamoasini qabul qilib, so‘ngi daqiqada kiritilgan gol evaziga kubok bahslaridan chiqarib yubordi.
Ikki jamoa o‘rtasidagi futbol bahsi keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Hisob uchrashuvning 20-daqiqasida maydon egalari – jizzaxliklar tomonidan ochildi. “So‘g‘diyona” futbolchisi Javohir Qahramonovning uzatmasidan so‘ng Ayubxon No‘monov “Lokomotiv” darvozaboni Abdumavlon Abdujalilovni dog‘da qoldirdi, 1:0.
Birinchi bo‘limning 43-daqiqasida toshkentliklar futbolchisi Sanjar Qodirqulovning ajoyib to‘p uzatishidan so‘ng Diyor Turopov o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqardi – 1:1.
O‘yinning ikkinchi bo‘limi yanada shiddatli o‘tdi. Har ikki jamoa raqib darvozasi oldida ko‘plab golli vaziyatlarni tashkil etsada, gol bo‘lmadi.
Uchrashuvga hakamlar tomonidan 4 daqiqa qo‘shib berildi. O‘yinni boshqargan hakam Viktor Serazitdinov bellashuvning so‘ngi qo‘shib berilgan daqiqalarida “Lokomotiv” darvozasi tomon jarima to‘pi belgiladi. Jarimani qoyilmaqom ijro etgan Javohir Qahramonov uchrashuvning 90+3 daqiqasida gol kiritib, “So‘g‘diyonani” 2:1 hisobdagi g‘alabasini ta’minladi.
Ulug‘bek Baqoyev boshchiligidagi “So‘g‘diyona” chorak finalda Qarshining “Nasaf” jamoasiga qarshi to‘p suradi. Shuningdek, O‘zbekiston kubogining amaldagi soxibi – “Paxtakor”, Farg‘ona viloyatining “Turon” jamoasidan 1:0 hisobida ustun kelib, toshkentliklar ham keyingi bosqichga yo‘llanma oldi .
Proliganing ikki vakili Samarqandning “Dinamo” hamda Toshkentning “Olimpik” jamoalari o‘rtasidagi nimchorak bahsining asosiy va qo‘shimcha vaqtida 2:2 hisobi qayd etildi. Penaltilar seryasida esa 3:5 hisobida “Olimpik” g‘alaba qozondi.
Coca Cola O‘zbekiston kubogining 1/8 finalidan o‘rin olgan boshqa uchrashuvlarda quyidagi natijalar qayd etildi: “Bunyodkor” (Toshkent) – “Navbahor” (Namangan) 1:0, “Surxon” (Termiz) – “Mash’al” (Muborak) 1:0, “Sho‘rtan” (Sho‘rtan) – “Qizilqum” (Navoiy) 1:2, AGMK (Olmaliq) – “Neftchi” (Farg‘ona) 6:1.
Endi chorak finalda “So‘g‘diyona” va “Nasaf”dan tashqari, “Olimpik” – “Paxtakor”, “Bunyodkor” — “Surxon”, AGMK — “Qizilqum” jamoalari ham kubok uchun bahs olib boradi.
A.QAYUMOV, O‘zA