Sog‘lom turmush tarzining muhim omili
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “Bolalar sporti: fikrlar, omillar, muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “Bolalar sporti: fikrlar, omillar, muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.
So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan O‘zbekistonda bolalar sportini ommaviy umumxalq harakatiga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil siyosat mamlakatimiz aholisining mutlaq ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
So‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimiz aholisi sportni sihat-salomatlik, sog‘lom turmush tarzi, jismoniy va ma’naviy barkamollik manbai deb hisoblaydi. So‘rov qatnashchilarining fikricha, sportning ahamiyati, birinchi navbatda, uning navqiron avlod salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan belgilanadi. Respondentlar mamlakatimiz sportchilari erishayotgan yutuqlar tufayli hamyurtlarimiz qalbida faxrlanish, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘ulari kuchayib borayotganini ta’kidladi.
Tadqiqot natijalari ko‘rsatganidek, mamlakatimiz aholisining aksariyati sportning futbol, yakkakurashlar, yengil atletika, gimnastika, tennis, og‘ir atletika, suzish, o‘q otish kabi turlari bilan shug‘ullanmoqda. So‘rov, ayniqsa, yosh avlod vakillari sport bilan doimiy ravishda shug‘ullanayotganidan dalolat bermoqda. So‘rovda ishtirok etganlarning 60,6 foizi sport bilan muntazam shug‘ullansa, 23,4 foizi har kuni sport mashg‘ulotlariga qatnaydi.
So‘rovda aniqlanishicha, ishtirokchilarning 96,7 foizi mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan, deb hisoblaydi. Aholi uchun zamonaviy sport majmualari, stadionlar va suzish havzalaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan. So‘rovda ishtirok etganlarning ko‘pchiligi oilalarda sog‘lom turmush tarzini keng joriy etishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish lozim, deb hisoblaydi. So‘rov davomida bildirilgan fikrlarga ko‘ra, bu boradagi chora-tadbirlar sportni yanada ommalashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning sport bilan shug‘ullanish ishtiyoqini rag‘batlantirishga qaratilishi lozim.
So‘rov qatnashchilari o‘g‘il-qizlarni bolalikdan sportga oshno etish ularning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonadi. Bundan tashqari, sportga qiziquvchi bolalar, respondentlarning fikricha, o‘qishda ham faol bo‘ladi. So‘rov ishtirokchilari ta’kidlashicha, sport bilan shug‘ullanish yosh avlodni zararli illatlar va salbiy ta’sirlardan saqlanishiga yordam beradi.
So‘rov natijalari shundan dalolat beradiki, mamlakatimizda yaratilgan uch bosqichli sport o‘yinlari tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yoshlarni sportga keng ko‘lamda jalb etishda muhim o‘rin egallaydi, mamlakatimiz Prezidenti tomonidan belgilangan bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga keng jalb etish vazifasiga to‘liq javob beradi hamda o‘quvchilar orasida sport bilan shug‘ullanuvchilar muntazam ortib borishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, so‘rov fuqarolarning davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati to‘g‘risida xabardorlik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Ishtirokchilarning mutlaq ko‘pchiligi (95,1 foiz) ushbu jamg‘arma faoliyati ilg‘or xalqaro tajriba asosida bolalar va o‘smirlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, barkamol avlodni shakllantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
So‘rov qatnashchilarning fikricha, mustaqillik yillarida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar natijasida sport O‘zbekiston yoshlari hayotining ajralmas qismiga aylanib, sportchilarimiz turli nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. So‘rov natijalari mamlakatimizning bu boradagi yutuqlarini yana bir bor tasdiqladi: mamlakatimizning barcha hududidan so‘rovda ishtirok etganlarning aksariyati (95 foiz) yurtimizda bolalar sporti ommaviy tus olganligiga ishonchi komil.
Tadqiqot natijalari Prezidentimiz Islom Karimovning bolalar sportini har tomonlama rivojlantirishga doir tashabbuslari va bu borada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar O‘zbekiston fuqarolari tomonidan ma’qullanayotganini yaqqol namoyish qildi – so‘rov qatnashchilarining 98,7 foizi davlatimiz rahbarining mazkur sohadagi strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.