Sloveniya NATO a’zoligidan chiqmoqchi
Sloveniya NATO a’zoligidan chiqish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda. Mamlakat parlamenti bu bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusini e’lon qilib, tashqi siyosatda mustaqil yo‘l tanlash niyatida.
O‘lka parlamenti spikeri Zoran Stevanovich respublikaning tashqi siyosiy yo‘nalishini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab, Sloveniya harbiy va diplomatik to‘qnashuvlar maydoniga aylanmasligi kerakligini qayd etdi.
Uning aytishicha, mamlakat boshqa davlatlar manfaatlariga xizmat qiluvchi nizolardan uzoqlashishi shart, chunki bunday ixtiloflarda ishtirok etish Sloveniya uchun ijobiy natija bermaydi. Shuningdek, u referendum o‘tkazish tashabbusi shunchaki siyosiy qadam emas, balki xalq oldida berilgan va’da ekanini va u albatta amalga oshirilishini bildirdi.
Ekspertlar fikricha, agar ushbu tashabbus amalga oshsa, Sloveniya Yevropada o‘z xavfsizlik strategiyasini mustaqil belgilaydigan va harbiy bloklardan xoli siyosat yuritadigan davlatga aylanishi mumkin. Ayni paytda bu masala nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro hamjamiyatda ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA