Sizning bilan to‘ldi hatto ko‘ngil gardlarim...
Xotira
Andijon davlat universitetida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira, publitsist, olima, mohir notiq, jamoatchi-tashkilotchi Tursunoy Sodiqova xotirasiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Kechiringiz, guldirakday fe’llarim uchun,
Uyingizga yashindayin tushdim, kechiring.
Dovullarim quyunida qoldingiz butun,
Bari orom, tinchingizni quvdim uchirib.
Kechiringiz, bahor yanglig‘ keldim, ketarman,
Bor gardingiz yuvib ketgum, qoladursiz tinch.
Sizga qolur pokiza his, muattar armon,
Izlarimdan teradursiz yam-yashil sog‘inch…
(“Kechiringiz” she’ridan).
Ana shunday go‘zal satrlar muallifi, elimizning suyukli va ardoqli ijodkorlaridan biri Tursunoy Sodiqova agar hayot bo‘lganida, bugun o‘zining qutlug‘ sakson yoshini nishonlar edi. Ana shu sana munosabati bilan Andijon viloyatidagi qator ta’lim muassasalarida turli tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, uyushmaning Andijon viloyat bo‘limi hamda Andijon davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, olimlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari, talaba- yoshlar, shuningdek, Tursunoy Sodiqovaning shogirdlari, yaqinlari, farzandlari ishtirok etdi.
[gallery-17495]
Tadbir ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin Mirzo, Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Yuldashev mamlakatimizda ijod ahliga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ustoz Tursunoy Sodiqovaning hayoti, mehnat faoliyati, ijodining o‘ziga xos qirralari haqida gapirdi, uning boy ijodiy merosi yosh avlod tarbiyasi, oilalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
Ustoz Tursunoy Sodiqova o‘ziga xos ijod maktabini yaratgan, ko‘pchilikni o‘z ortidan ergashtira olgan, bir umr olovdek yonib yashagan, betakror ijodi, yuksak insoniy fazilatlari bilan el-yurt orasida katta hurmat-e’tibor qozona olgan fidoyi ijodkorlardan biri edi.
Tursunoy Sodiqovaning ilk she’riy to‘plami 1978 yilda “Kuy” nomi bilan chop etilgan bo‘lsa, keyinchalik “Gul fasli” (1981), “Iqbol” (1984), “Dil gavhari” (1985), “Izlay-izlay topganim” (1988), “Girya” (1994) nomli she’riy to‘plamlari, shuningdek, “Mehr qolur” (1997), “Hazrati ayol” (1998), “Yoningdagi baxt” (1999), “Bolam derman” (2000), “O‘g‘lim senga aytaman va qizlarga atalgan so‘zlar” (2002), “Kelin bo‘lish ilmi” (2003), “Kuyov bo‘lish ilmi” (2003), “Qaynonalik ilmi” (2003), “Og‘a-inilik ilmi” (2003), “Rizolik izlab” (2004), “Yashash tilsimi” (2004), “Murabbiy kim?” (2006), “Nozik savol” (2007), “Jannatim onam” (2007) nomli odob-axloq masalalari, oila muammolariga bag‘ishlangan ilmiy, badiiy-falsafiy kitoblari nashr etilgan.
– Tursunoy Sodiqova o‘z ijodida chin insoniy tuyg‘ularni, milliy g‘ururni, vatanparvarlikni madh etdi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi. – Ayniqsa, mustaqillik yillarida tinimsiz izlanishlari tufayli qator nasriy asarlar yaratib, serqirra ijodkor ekanligini namoyon etdi. Asosiy maqsadi millat ayollariga hamdard bo‘lish, oilaviy rishtalarini mustahkamlash, yurtparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish bo‘lgan.
Ustozning qator kitoblari turli xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Tursunoy Sodiqovaning hayoti va faoliyatiga oid lavhalar aks ettirilgan videorolik namoyishi tadbir ishtirokchilarida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti professori Hamidullo Boltaboyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib va shoir Abdunabi Boyqo‘ziyev, Andijon davlat universiteti dotsenti Halimjon Karimov Tursunoy Sodiqova ijodining o‘ziga xosligi, ulkan tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi, shuningdek, shoira bilan bog‘liq xotiralarini bayon etdi.
Tursunoy Sodiqova oila ilmining haqiqiy bilimdoni edi. Shu bois ham, ijodining asosiy qismini yoshlar tarbiyasi, oilani mustahkamlash, oila qadriyatlari, millatni, ayolni ulug‘lash mavzulari tashkil etadi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Jamilaxon Shermuhammedova shoiraning ana shu yo‘nalishdagi ijodi, olib borgan xayrli ishlari, fidoyiligi, tashkilotchiligi haqida to‘xtaldi. Uning boy ijodiy merosini o‘qish, o‘rganish, targ‘ib etish tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
– Tadbirdan biz talaba- yoshlar ulkan ma’naviy ozuqa oldik, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Muqaddas Rahimjonova. – El-yurt ravnaqi, millat uchun fidoyi insonning xayrli ishlari, qadri, qimmati hech qachon unutilmasligiga Tursunoy Sodiqova xotirasiga ko‘rsatilgan hurmat-ehtirom misolida yana bir bor amin bo‘ldik. Betakror ijodkorning hayoti, ijodi, pand-nasihatlari yosh avlod uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.
Tadbirda Andijon davlat universiteti filologiya fakulteti talabalari tomonidan Tursunoy Sodiqova she’rlaridan namunalar o‘qildi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan raqs va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Gurkirgan quvonchlarim Siz bilan to‘ldi,
Siz-la to‘ldi bag‘rimdagi titroq dardlarim.
Sizning bilan olamim ham bir butun bo‘ldi,
Sizning bilan to‘ldi hatto ko‘ngil gardlarim.
Xalqiga, yurtdoshlariga qarata aytgan ushbu misralari misol Tursunoy Sodiqova qoldirgan boy adabiy meros yillar osha xalqimizga, ezgulikka, kelgusi avlodga xizmat qilaveradi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari