Siz kelmang – o‘zimiz boramiz
Bo‘stonliqda yil boshidan buyon shar’iy nikohdagi 93 ta oila nikohi qonuniylashtirildi.
Adliya sohasida “Siz kelmang – o‘zimiz boramiz”, “Siz qayerda bo‘lsangiz biz o‘sha yerga borib, xizmat qilamiz”, “O‘zimiz keldik” kabi sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yangi-yangi loyihalarni hayotga joriy etilayotgani aholiga qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratmoqda.
Eng muhimi, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish orqali fuqarolarning qimmatli vaqti, mablag‘i tejalmoqda. Aholi esa ishi tez bitayotganidan xursand.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Elmir Baratov va Saodat Axmedovalar bir necha yildirki nikoh guvohnomasi yo‘qligi uchun turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. To‘ylari bo‘lganida sharoit og‘irligi uchun qonuniy nikohdan o‘tish imkoni bo‘lmagan. Qolaversa, tuman obodonlashtirish bo‘limida faoliyat olib borayotgan mazkur oila FHDYO bo‘limiga borishga, nikohdan o‘tish uchun ariza yozishga ham hafsala qilmay qo‘ydi.
Tuman FHDYO bo‘limi va mahalla xotin-qizlar bo‘yicha mutaxassisi tashabbusi bilan Elmir Baratov va Saodat Ahmedovalarning nikohni qayd etish maqsadida ariza olish uchun ular ishlayotgan hududga bordi. Hamkasblari oldida ular nikohdan o‘tish uchun ariza yozdi. Tez orada Oila kodeksiga asosan yana bir yangi oila FHDYO organi tomonidan qayd etiladi.
Bo‘stonliq tuman FHDYO bo‘limi tomonidan oilalarni saqlab qolish va ularni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar va olib borilgan huquqiy targ‘ibot bois yil boshidan buyon shar’iy nikohda yashab kelayotgan 93 ta oilaning nikohi qonuniylashtirildi.
A.Musayev,O‘zA.