Sirdaryolik Yosinbek Odilov jahon chempioni bo‘ldi
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan "Toshkent–2026" taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yana bir yorqin yutuqqa erishdi. -48 kg vazn toifasida bahs olib borgan Sirdaryo viloyati vakili Yosinbek Odilov musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘lib, jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Yosinbek final bahsida O‘mon vakili Dovud Al-Yusufiga qarshi tatamiga chiqdi. Murosasiz va keskin kechgan uchrashuvda hamyurtimiz yuksak tayyorgarlik va aniq taktik harakatlari bilan ustunlik qilib, raqibini 2:0 (5/1, 11/9) hisobida mag‘lub etdi hamda hal qiluvchi bellashuvda g‘alabani o‘z nomiga yozdi.

Ushbu natija bilan Yosinbek Odilov jahon chempionatida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi ilk oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilardan biriga aylandi. Musobaqa davomida jamoa umumiy hisobda 1 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sportchining g‘alabasi uning uzoq muddatli va tizimli tayyorgarligi, murabbiylar bilan hamkorlikda olib borilgan mashg‘ulotlar hamda yuqori darajadagi jismoniy va psixologik barqarorlik natijasidir.

Shu bilan birga, bu yutuq Sirdaryo viloyat sporti tarixida ham muhim voqea sifatida baholanib, yoshlar o‘rtasida taekvondo sport turiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri