Sirdaryolik Malika muvaffaqiyat qozondi
Poytaxtda, Xalqaro shaxmat akademiyasida o‘tkazilgan "President Cup 2025" turnirida Sirdaryolik sportchilar o‘z mahoratini namoyish etishdi.
Musobaqada 15 davlatdan 60 nafar professional shaxmatchi g‘oliblik uchun raqobatlashdi. Standart yo‘nalishdagi o‘yinlar natijasiga ko‘ra, Malika Jumayeva O‘zbekistonlik ayol sportchilar orasida faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Shuningdek, Bilolxo‘ja Hasanov 12 yoshgacha bo‘lgan yosh toifasida g‘oliblikka erishdi.

E’tiborli jihati, Malika Jumayeva — Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 9-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan, u bu yil shaxmat bo‘yicha “Sport ustasi” unvoniga sazovor bo‘lgandi.
G‘ulom Primov, O‘zA