Sirdaryoda "Yangi hayot" masjidi barpo etilmoqda
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi “Yangi hayot” masjidi qurilishi jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Mutasaddilar yangi jome’ masjidi loyihasi taqdimoti bilan yaqindan tanishib, usta-muhandislarga, namozxonlarga yaratiladigan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur masjidning eski binolari 1956 yilda qurilgan. Ular katta yo‘ldan pastlikda joylashgani va paxsa, xom g‘ishtdan qurilgani uchun foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Qolaversa, keyingi paytda namozxonlar soni ortib, jamoat namoziga xonaqoh torlik qilib qolayotgan edi. Shu bois ko‘plab mo‘min-musulmonlar taklifi inobatga olinib, masjidning yangi binosi qurilishi boshlandi.


Loyihaga ko‘ra, 45 metrli minoralar va balandligi 20 metr, aylanasi 10 metr bo‘lgan gumbaz masjidga o‘zgacha fayz va viqor baxsh etadi. Majmuada ma’muriyat xonalari, zamonaviy kutubxona, majlislar zali va boshqa qo‘shimcha binolar ham o‘rin olgan. Yuz kishiga mo‘ljallangan tahoratxonasida barcha sharoit yaratiladi.
Joriy yilda boshlangan masjid qurilishi 2025 yilda yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.
Shuhrat Suyarov,O‘zA