Sirdaryoda tumanlararo perinatal markaz ish boshladi
Sirdaryo tumanining Baxt shahrida joylashgan, Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli, 95 o‘rinli Baxt tug‘ruq kompleksi negizida tumanlararo perinatal markazi ish boshladi.
Markazda viloyatning Sirdaryo, Mirzaobod va Sayxunobod tuman aholisiga perinatal, neonatal va pediatrik xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu esa, onalar va bolalar sog‘ligini mustahkamlashda, homilador ayollarga yordam ko‘rsatishda, chaqaloqlarni perinatal skrining ko‘rigidan o‘tkazishda, qolaversa, tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash va nogironlikning oldini olishda qo‘l keladi.
Markaz ochilmasdan oldin aholi ushbu xizmatlar uchun viloyat markaziga borishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endi bunday ovoragarchiliklarga o‘rin qolmadi.
Bino yangi. U 2020 yilda davlat dasturi doirasida qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilgan edi. Markaz eng zamonaviy, yuqori texnologik imkoniyatga ega bo‘lgan “My Lab" rusumli ko‘p funksiyali UTT apparati, bolalar va kattalar uchun sun’iy nafas berish apparati, kardiomonitor, foto lampa kabi apparatlar, qattiq va yumshoq mebellar bilan jihozlandi.
6 o‘rinli bolalar reanimatsiya bo‘limi, 10 o‘rinli intensiv terapiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda muddatidan oldin tug‘ruq, somatik patologiyasi bor tug‘uvchi ayollar, 0,500 kilogrammdan yuqori, 2.400 kilogrammgacha bo‘lgan muddatidan oldin tug‘ilgan va salomatligida muammosi bor chaqaloqlarga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
[gallery-7724]
Markazda 12 nafar oliy toifali akusher-ginekolog va hamshira faoliyat olib boradi.
– Sirdaryo tumanining "Paxtakor" mahallasidanman, – deydi Sarvinoz Shoxsayitova. – Bu uchinchi farzandim. Uni shu yerda shifokorlar yordami bilan dunyoga keltirdim. Markaz imkoniyatlari keng. Malakali mutaxassislar yordam beryapti. Shifokorlar nazoratida davolanyapmiz.
Tumanlararo perinatal markazining ishga tushishi tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash va nogironlikning oldini olish, onalar va bolalar sog‘ligini asrab qolish va millat genofondini yaxshilash imkonini beradi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA