Sirdaryoda sport karvoni yo‘lga chiqdi
Sirdaryoda yoshlarni sportga keng jalb etish, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash va sport-ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida viloyat sport maktablarini zamonaviy jihozlar, zarur sport inventarlari va sport kiyim-kechaklari bilan ta’minlash maqsadida navbatdagi «sport karvoni» yo‘lga chiqdi.
Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlarini tayyorlash markaziga qarashli 4-tip sport majmuasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Sport vazirligi tomonidan ajratilgan sport anjomlari viloyatdagi sport maktablari hamda ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasalariga taqsimlandi. Zarur jihozlar maxsus transport vositalariga yuklanib, hududlardagi belgilangan manzillarga jo‘natildi.
Tadbirda viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov, sport-ta’lim muassasalari rahbarlari, mas’ul xodimlar va yosh sportchilar ishtirok etishdi.
Yangi sport jihozlarining yetkazib berilishi, avvalo, mashg‘ulotlarni zamonaviy talablar asosida tashkil etish, sportchilarning texnik va jismoniy tayyorgarligini oshirish, mashg‘ulotlar sifatini yuksaltirish uchun muhim ahamiyatga ega. Bunday imkoniyatlar yoshlarning sportga qiziqishini kuchaytirish bilan birga, mahallalar va ta’lim muassasalarida iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni sport maktablariga jalb etish va yuqori natijalarga tayyorlash uchun keng yo‘l ochadi.
[gallery-30993]
— Bugun yo‘lga chiqqan sport karvonini yosh sportchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning mantiqiy davomi sifatida baholaymiz. Zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan sport maktablarida mashg‘ulotlarni sifatli tashkil etish, sportchilarning mahoratini oshirish uchun yanada yaxshi sharoit yaratiladi. Endi asosiy vazifa — mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, yoshlarni sportga keng jalb etish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, — deydi Anvar Bo‘ronov.
Sport karvonining har bir manzilida yangi anjomlar nafaqat mashg‘ulotlarning sifati, balki yoshlarning sportga munosabatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Zero, sport inventarlari shunchaki jihoz emas. Ularning ortida sog‘lom avlodni tarbiyalash, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, yoshlarda iroda va intilishni shakllantirish, eng muhimi, kelajak chempionlarni kashf etishdek ezgu maqsadlar mujassam.
Sirdaryoda sportni rivojlantirishga qaratilgan bunday amaliy qadamlar natijasida sport maktablarida mashg‘ulotlar sifati oshib, yangi iste’dodlar uchun imkoniyatlar kengayib boradi.
Chunki chempionlik sari yo‘l katta musobaqalardan emas, avvalo, sport zalidan, muntazam mashg‘ulotdan, fidoyi murabbiy mehnatidan va yaratilgan munosib sharoitdan boshlanadi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA