Sirdaryoda sanoat jadal rivojlanmoqda
Mamlakatimizda investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududlarni barqaror iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bu jarayonlarda Sirdaryo viloyati sanoatlashuv sur’atlari, investitsiya loyihalarining ko‘lami va mazmuni bilan alohida ajralib turibdi.
So‘nggi yillarda viloyatda qulay investitsiya muhitini shakllantirish, tadbirkorlar va xorijiy sarmoyadorlar uchun ochiq, shaffof va ishonchli sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada hudud iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlar yuz berib, sanoat tarmoqlari iqtisodiy o‘sishning asosiy lokomotiviga aylanmoqda.

– Xususan, Yangiyer shahri bugungi kunda Sirdaryo viloyatining eng investitsion jozibador hududlaridan biri sifatida shakllandi, – deydi Yangiyer shahar hokimining investitsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elyor O‘narov. – Ayni paytda shaharda oziq-ovqat, to‘qimachilik, mebelsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohalari jadal rivojlanmoqda.

Hozirgi kunda Yangiyer shahrida 150 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat yuritib, 2025 yilda 2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Ushbu ishlab chiqarilgan mahsulot hajmining 50 foizi tashqi bozorga, ya’ni eksportga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 220 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan qariyb ikki barobarga oshgan.

Ayniqsa, xorijiy sarmoya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining ortishi hudud sanoat salohiyatining mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Yangiyer shahrida xitoylik investorlar ishtirokida bir necha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan biri — qiymati 45 million dollar, 50 gektar maydonda barpo etilayotgan paxta xom ashyosini qayta ishlash va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish majmuasi.

– Korxonada asosan mahalliy ishchilar mehnat qilmoqda, hozirda ular soni 70 nafarga yetdi, — deydi korxona direktori Zhang Zhan Wei. – Uskunalar Xitoydan olib kelingan va barchasi energiya tejamkor texnologiyalar asosida ishlaydi. Biz paxtani tozalashdan tortib tayyor mato ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Yangiyerda investorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgani biz uchun muhim. Shu bois O‘zbekiston Prezidenti va viloyat rahbariyatiga minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Loyiha to‘liq ishga tushirilganda 500 nafardan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan, bu nafaqat aholi bandligini ta’minlaydi, balki eksportbop mahsulot hajmini ham oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Yangiyer shahrida xitoylik investorlar ishtirokida qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, suv tejovchi qurilmalar, sanitariya-texnik vositalar, metall konstruksiyalar, issiqxona va issiqxona uskunalari ishlab chiqarish korxonalari ham faoliyat yuritmoqda. Mazkur loyihalar doirasida Sirdaryo viloyati bo‘ylab 4 mingdan ziyod fuqarolar ish bilan ta’minlangan. Qiymati 17 million dollar bo‘lgan polietilen quvurlar ishlab chiqarish korxonasining ishga tushirilishi ham hudud sanoat infratuzilmasini mustahkamladi.
Sardoba tumanida ham sanoatlashuv jarayonlari jadal davom etmoqda. Bu yerda tashkil etilgan “Sardoba Universal Cluster” beshta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Loyihalar asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan.
– Klaster faoliyati natijasida paxta tozalash, ip yigiruv, mato to‘qish va bo‘yash, meva-sabzavotlarni qadoqlash kabi muhim yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi, – deydi Sardoba tumani hokimligining Investitsiyalar sanoat va tashqi savdo sho‘’basi bosh mutaxassisi Bekzod Do‘sbekov. – Bu esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha qiymat yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va tuman iqtisodiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oqoltin tumanida joriy yilda ish boshlagan yangi mebel ishlab chiqarish korxonasi ham mahalliy sanoatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ushbu loyiha davlat krediti va tadbirkorning shaxsiy mablag‘lari hisobiga amalga oshirildi, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Mirzaobod tumanida qurilish sanoati jadal rivojlanmoqda. “Ko‘ksaroy” MCHJ tomonidan qiymati 1 million dollar bo‘lgan qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Korxonada 10 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqariladi va yillik ishlab chiqarish hajmi 14 milliard so‘mni tashkil etadi.
– Korxonada 20 nafarga yaqin ishchi doimiy ish bilan ta’minlangan, – deydi korxona ish yurituvchisi Akromjon Shomaxsumov. – Ishlab chiqarishda sifat masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Malakali mutaxassislar ishtirokida har bir mahsulot qat’iy nazoratdan o‘tkaziladi. Biz mahalliy bozorni sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlashni asosiy maqsad qilib olganmiz.
Shu tariqa, Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, aholi bandligini ta’minlash va hudud salohiyatini to‘liq ishga solishga xizmat qilmoqda. Har bir sarmoya — kelajakka qaratilgan ishonchli qadamdir. Ayni paytda investitsiya haqiqatan ham Sirdaryo sanoatini yangi bosqichga olib chiqishda lokomotiv vazifasini bajarmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri