Sirdaryoda pilla topshirish boshlandi
Mirzaobod tumani “kumush” tola ijodkorlari Sirdaryo viloyatida birinchi bo‘lib, yilning birinchi mahsuloti – pilla xomashyosini topshirishga kirishdi.
Joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida tumanda tarqatilgan 1 ming 107 quti ipak qurtidan mirzaobodliklar davlatga 62 tonna qimmatbaho xomashyo yetkazib berishni rejalashtirgan.

Tumandagi Turg‘un Ahmedov nomli suv iste’molchilari uyushmasining ilg‘or pillakorlari ipak qurtini parvarish qilishdagi barcha zarur agrotexnik tadbirlariga amal qilib, nafaqat tumanda, balki viloyatda ham birinchi bo‘lib, o‘z peshona terlari evaziga yetishtirgan “kumush” tolani qabul punktlariga topshirishni boshlab yubordi.

Jumladan, ushbu SIU hududidagi ilg‘or pillakorlardan G.Xushiyeva 1 quti ipak qurtidan 80 kilogramm, M.Toshboyeva esa 1 qutidan 78 kilogramm qimmatbaho xomashyo topshirib, o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini ortig‘i bilan uddaladi.

Tuman hokimi J.Yariyev sektorlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda pilla qabul punktiga kelib, ilg‘or pillakorlar mehnatini yuqori baholadi va ularga samimiy minnatdorchilik bildirdi. Har ikkala, eng ilg‘or “kumush” tola ijodkorlariga tuman hokimining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA