Sirdaryoda irrigatsiya tarmoqlari tozalanmoqda
Dunyo bo‘ylab suv taqchilligi yildan yilga ortib bormoqda.
Shu bois suvni isrof qilmaslik, uni tejab ishlatish muhimdir.
Mamlakatimizda ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Suv xo‘jaligi tizimiga oid qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi doirasida tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish kabi tejamkor usullar tatbiq etilayapti. Natijada suv tarmoqlarida isrofgarchiliklarning oldi olinmoqda.
Ayni maqsadda Sirdaryo viloyatidagi suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, suv oluvchi va suv to‘suvchi inshootlarni ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda Sirdaryo viloyati Guliston tumani H.Olimjon mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlovchi, suv o‘tkazish quvvati 4 m³/sek bo‘lgan “Do‘stlik-10” kanalining 3,4 km qismini tozalash ishlari olib borilmoqda.
Sayxunobod tumanidagi Sho‘ruzak, Paxtakor va O‘zbekiston hududlarini suv bilan ta’minlovchi, suv o‘tkazish quvvati 8 m³/sek bo‘lgan Sho‘ruzak xo‘jaliklararo kanalining 6,5 km qismini tozalash va 7 dona gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash ishlari ham boshlab yuborildi.
Shuningdek, Oqoltin tumanidagi “O‘ng tarmoq-4-1” xo‘jaliklararo kanali, U.Nosir hududidagi fermer xo‘jaliklarining ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash ishlariga ham texnika va mexanizmlar ajratilgan.
Bundan tashqari Sho‘ruzak-Sirdaryo irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli 10 ta suvchilar uyi, Boyovut tumani irrigatsiya bo‘limiga qarashli 3 ta suvchilar uyining atroflari tozalanib, obodonlashtirildi. Bino va inshootlar ta’mirlandi. Bu kabi ishlar suvni isrof qilmaslik, undan to‘g‘ri foydalanish, kerakli hududlarga suvning to‘liq yetib borishiga xizmat qiladi.
Sh.Suyarov, O‘zA