Sirdaryoda “Investor” klubi tashkil etildi
O‘zLiDeP partiyasining saylovoldi dasturida investitsiya faoliyatini amalga oshirishning erkinligi, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish, biznes-ombudsman bilan hamjihatlikda ishlaydigan Investitsion ombudsman institutini tashkil etish, xorijiy sarmoyadorlar uchun tayyor investitsion paketlarning elektron bazasini shakllantirish va taqdim etish tizimini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Respublikada xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmini 2023-yilda 20,2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida yil yakuniga qadar jami 62 ta loyiha uchun 516,7 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejasi belgilangan edi.

Shunga ko‘ra, 2023-yilda viloyat bo‘yicha jami 516,7 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish belgilangan bo‘lib, amalda 556,8 million dollar (rejaga nisbatan 107,7 foiz) to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlar o‘zlashtirildi.
Investitsiya dasturlari doirasida 2023-yilda 1,8 milliard dollarlik 968 ta loyiha ishga tushirilib, 20 460 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Davlat investitsiya dasturiga asosan qiymati 1,4 milliard dollarlik 20 ta loyiha ishga tushirilib, 4,4 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi. Hududiy investitsiya dasturiga asosan qiymati 404 million dollarlik 948 ta loyiha ishga tushirilib, 16,1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.

Shu kabi amalga oshirilayotgan loyihalar va dasturlarni yanada jadallashtirish, mahalliy investorlarga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Sirdaryo viloyatida “Investor” klubi tashkil etildi. Klubning maqsadi tadbirkorlarni bir klubda birlashtirish, tajriba almashish, zamonaviy bilimlarni o‘rganish va viloyat tadbirkorlarini xalqaro tadbirkorlar darajasiga olib chiqishdan iboratdir. Klubga O’zLiDeP Sirdaryo viloyat, tuman va shahar kengashlarining eksport va import bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab yirik tadbirkorlari a’zodir.

Klubning tashkil etilishi munosabati bilan O’zLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi, Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi viloyatda yangi tashkil etilgan “Investor” klubi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, “BEK CORP” MCHJ rahbari, O'zLiDeP Sirdaryo viloyat kengashi raisi, tadbirkor Ulug‘bek Sotiboldiyev ishtirokida tadbirkorlar uchun master- klass uchrashuvi o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga tadbirkor o‘z biznesi, faoliyati, kelgusi rejalari borasida batafsil so‘zlab berdi. Uchrashuv juda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi va barcha ishtirokchilar uchun manfaatli bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri