Sirdaryoda eng yaxshi notarius aniqlandi
Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlab Guliston shahrida “Yilning eng yaxshi notariusi” va “Yilning eng yaxshi notarial idorasi” ko‘rik-tanlovining Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar 3 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.

– Ushbu ko‘rik-tanlovning birinchi shartida viloyatda faoliyat olib borayotgan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar notariuslik faoliyatini tashkil etish minimal talablariga rioya etilganligi, ya’ni xizmat binosining umumiy holati, temir panjara, kamera, signalizatsiya va zaruriy peshlavhalarning mavjudligi, sanitariya- gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, zarur kompyuter va boshqa texnik jihozlar bilan ta’minlanganligi hamda obodonlashtirilganligi, ikkinchi shartida esa notarius va jamoasining muomala madaniyati, xizmat sifati va uning qamrovi inobatga olindi, – deydi O‘zbekiston Notarial palatasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi maslahatchisi Akmaljon Voxidov. – Hududiy bosqichning uchinchi sharti barchasidan qiziqarli o‘tdi. Tezkor savol-javoblarga barcha notariuslar aniq va lo‘nda javob berishga harakat qildi.

Tanlov hay’atining qaroriga ko‘ra Sirdaryo tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zohidjon Kazakov Sirdaryo viloyati bo‘yicha “Yilning eng yaxshi notariusi" deb e’tirof etildi. Uning jamoasi esa viloyatdagi “Yilning eng yaxshi notarial idora” deb topildi. Ularga hududiy boshqarmaning 1-darajali diplomi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.QAYUMOV, O‘zA