Sirdaryoda energetiklar bayrami nishonlandi
Hayotimizning bir kunini ham elektr energiyasisiz tasavvur etish qiyin. Uyimiz charog‘onligidan tortib, barcha tarmoqlardagi ish ko‘lami, hatto internet tarmog‘iga ham shu quvvat “jon kiritadi”. Negaki, sanoat korxonalaridagi ulkan agregatlardan tortib, tibbiy tashxis qo‘yish uskunalarigacha elektr energiyasisiz oddiy temir-tersakka aylanib qoladi.
Energetik kasbi oson sohalardan emas. Bitta xonadonda chiroq yonib, uyi nurafshon bo‘lishi uchun minglab energetiklar mehnat qiladi. Simyog‘ochlar ustuniga chiqib, elektr simlari sozligini tekshiradigan, elektr yetkazib beruvchi har qanday qurilma bilan ishlaydigan insonlar, aslida, har kuni hayot uchun xavfli holatlar bilan yuzlashadi. Odamlar tunda orom olayotganda, ular podstansiyalarda yuzaga kelgan avariya holatlarini butlash bilan ovora bo‘ladi. Ammo ular buni doim beminnat, fidoyilik bilan bajaradi.
Sirdaryodagi "Malika" tantanalar uyida 22 dekabr–Energetiklar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Sirdaryo hududiy filiali tizimida samarali mehnat qilayotgan, ushbu soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan xodimlar va soha faxriylari, muhandislar, montajchilar, ta’mirchilar, texnik xizmat ko‘rsatish va yordamchi xodimlar ishtirok etdi.
[gallery-20975]
Bayram tadbirida Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev soha xodimlarini sana munosabati bilan qutlab, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Sirdaryo hududiy filiali tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, hududiy energetika xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarga to‘xtaldi.
Unda qayd etilganidek, sirdaryolik energetiklar joriy yilning shu davriga qadar iste’molchilarga yetkazib bergan elektr energiyasining miqdori 3 mlrd 577 mln.kVt. soatni, pul hisobida aytganda, 1 trl. 382 milliard so‘mni tashkil qilgan. Bu esa, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 330,5 mln.kVt.soat yoki 9,3 foiz ko‘p deganidir.
Sana munosabati bilan "Eng yaxshi elektr montyori", "Eng yaxshi usta", "Eng yaxshi dispetcher" nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi. Faol elektriklar faxriy yorliq, tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Madaniyat va san’at namoyandalari tomonidan ijro etilgan kuy- qo‘shiq, raqslar, teatrlashtirilgan chiqishlar bayram tadbiriga ko‘tarinkilik baxsh etdi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari