Sirdaryoda bayram tadbirlari davom etmoqda
Sirdaryo viloyati markazi – Guliston shahridagi Olim Xoʻjayev nomidagi musiqali drama teatrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Sirdaryo viloyati markazi – Guliston shahridagi Olim Xoʻjayev nomidagi musiqali drama teatrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Bayram tadbirda viloyat, tuman va shahar hokimliklari, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ishlab chiqarish ilgʻorlari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tarixiy va ijtimoiy ahamiyati, unda fuqarolarning huquq va erkinliklari, burchlari, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlari, ularning kafolatlari oʻz aksini topganligi, mazkur hujjat jamiyatni demokratlashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yutuqlarga erishishda dasturilamal boʻlib xizmat qilayotganini hamda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida Sirdaryo viloyatida ham keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy sohalardagi yuksalish, aholi turmush sharoitini yildan-yilga yaxshilanib borayotganini alohida taʼkidladi.
– Barcha sohalardagi koʻrsatkichlarimiz yildan-yilga yuksalib bormoqda, – dedi oʻz chiqishida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev. – Investitsiya dasturiga muvofiq 161 milliard soʻmlik 51 ta ijtimoiy obyekt – 27 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 18 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 6 ta tibbiyot muassasasida qurilish-rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetdi.

Bundan tashqari, viloyatdagi 45 ta aholi punktlarida 74 kilometr ichimlik suvi, 5 kilometr oqava suv tarmoqlari tortildi, 6 kilometr avtomobil yoʻllari rekonstruksiya qilinib, qayta taʼmirlandi.
Sirdaryo erkin iqtisodiy zonasida joriy yilda qiymati 135 million dollarlik 24 ta loyiha amalga oshirildi.
Uy-joy qurilishi boʻyicha qishloq joylarda 604 ta, Guliston shahrida 420 ta xonadonli 10 ta 7 qavatli arzon uylar qurilib, foydalanishga topshirildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 24 qishloq va 8 ta mahallada jami 352 milliard soʻmlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat koʻrsatish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda 67 ta yangi, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
“Yoshlar –kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida viloyat miqyosida 101 ta loyihaga 9 milliard 610 million soʻmlik kredit ajratilib, natijada 289 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
2020-yilda qiymati 2 trillion 400 milliard soʻmga teng boʻlgan 318 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 13 mingdan ziyod, Bandlik dasturiga muvofiq esa 12 ming 500 yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
– Bugun 27 yilligi keng nishonlayotgan Konstitutsiyamiz – barcha demokratik tamoyillar, umuminsoniy gʻoyalar asosini oʻzida mujassamlashtirgan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi J.Nuritdinov. – Davlatimiz Bosh qomusining mazmun-mohiyati, oʻziga xos jihatlarini aholi, ayniqsa, yosh avlod oʻrtasida keng targʻib etish borasida viloyatdagi mehnat jamoalari, mahallalar, taʼlim muassasalarida turli tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilayotgani fuqarolarning huquqiy bilimlarini yanada boyitayotir.

Bayram tadbirining rasmiy qismidan soʻng respublika poytaxtidan tashrif buyurgan taniqli sanʼat ustalari, badiiy jamoalar, viloyat sanʼatkorlari hamda ijrochi yoshlar namoyish etgan bayram konserti barchaga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Bayram tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida qizgʻin davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 27 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirda viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev soʻzga chiqdi.