Sirdaryo xabarlari –qisqa satrlarda
Guliston shahridagi Yoshlar markazida “Startup Garagening” loyihasining yangi filiali ochildi.
Bu yosh tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkoniyatlar va resurslar taqdim etib, biznes va tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Sirdaryolik yoshlarning ijodiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, ularni global bozorda raqobatbardosh bizneslar yaratishga rag‘batlantiradi.
Sirdaryo viloyat hokimligi, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi, "IT Park Sirdaryo" hamda “Aloqabank” tashabbusi bilan Guliston shahrida ish boshlagan “Startup Garagening” filiali biznesning turli, ya’ni agrar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarida o‘z startaplarini boshlamoqchi bo‘lgan, ammo ikkilanib turgan yoshlar uchun nihoyatda qo‘l kelib, ular o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha amaliy tajriba olishadi. Bu to‘g‘rida “Startup Garagening” loyihasi, uning filiali ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirning ikkinchi qismida “AloqaVentures” vakillari tomonidan yoshlarga biznesning avval bozorda foydalanmagan turi– "venchur fond startap"larga investitsiya jalb qilish imkoniyatlari va hamkorlik shartlari tushuntirib o‘tildi,
10 ga yaqin startap asoschisi loyiha ekspertlariga o‘z loyihalarini taqdimot qildi.
***
[gallery-21822]
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda hududiy futbol assotsiatsiyalari bilan ishlash bo‘limi rahbari Baxtiyor Shirinov viloyat futbol akademiyasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida viloyatda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, mavjud futbol infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilindi hamda akademiyada yosh futbolchilarga yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishildi.
Mehmonlar “Markaziy o‘yingoh”da bo‘lib, u yerda borayotgan qurilish va ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Faxriy futbol hakami Hakim Sharipovga "O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun" ko‘krak nishoni topshirildi.
***
[gallery-21823]
“Yosh kitobxon” tanlovining Sirdaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning mahalla, sektorlar hamda tuman-shahar bosqichlarida 10 mingga yaqin yosh ishtirok etib, shundan uch yosh toifasi bo‘yicha 33 nafar ishtirokchi viloyat bosqichiga chiqib kelib, “Badiiy asarlar bilimdoni” va “Tezkor savol-javob” shartlarida o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazishdi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 10-14 yosh toifasidagi bahslarda respublika bosqichiga qatnashish uchun yo‘llanmani Guliston shahridan kelgan ishtirokchi Inomjon Marqaboyev, 15-19 yosh toifasida o‘tkazilgan musobaqada boyovutlik Shahnozabonu Murodova, 20-30 yosh toifasidagi sinovlarda esa Guliston shahridan kelgan Shoira Zikrillayeva qo‘lga kiritdi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat),
O‘zA muxbirlari