Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Muloqot
Sirdaryo yoshlar texnoparki Yaponiyaning nufuzli kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi. Tokio shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston autsorsing konferensiyasi doirasida texnopark rahbari Bahodir Qo‘shiyev Kyoto Research Park (KRP) tadqiqot parki ijrochi menejeri Shigekata Mizuno bilan uchrashdi. Muloqot davomida tomonlar o‘z faoliyatiga doir taqdimot o‘tkazdi. Muzokara yakunida qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Aholi vakillari bilan suhbat
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Guliston tumanidagi Sohilobod mahallasida bo‘lib, “Sayxunobod tajribasi” asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi, mahalla “yettiligi” va aholi vakillari bilan suhbat qildi. Mahallada tajribani ommalashtirish borasidagi ishlarni yanada jonlantirish zarurligini ta’kidladi. Aholining yaroqsiz simyog‘ochlarni yangi beton ustunlarga almashtirish va tomorqalarni oqar suv bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlari yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berdi.

Bo‘lajak shifokorlar bilan uchrashuv
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida Boyovut tuman hokimi, senator Dilfuza Uralova, Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari va bitiruvchi talabalar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
O‘quv maskanida bakalavr, magistratura, klinik ordinatura yo‘nalishida tahsil olayotgan sirdaryolik va jizzaxlik talabalar tibbiyot muassasalarida joriy etilgan davlat tibbiy sug‘urta tizimi, Boyovut tuman tibbiyot birlashmasining imkoniyatlari, u yerda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari bilan yaqindan tanishdilar.

Uchrashuvda olis va chekka hududlarda faoliyat yuritish uchun borgan mutaxassislarga har oyda qo‘shimcha maosh, uy-joy berish, ular uchun yaratiladigan shart-sharoit, qo‘shimcha imkoniyatlar to‘g‘risida so‘z bordi.
Noqonuniy foydalanish holati fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati, “O‘zenergoinspeksiya” va “Hududgazta’minot” AJ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirida Guliston shahrida joylashgan “D.” oilaviy korxonasiga qarashli choyxonada rezina shlang orqali hech qanday hujjatlarsiz tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha 882 million 851 ming so‘m miqdoridagi hisobga olinmagan tabiiy gaz qayta hisob-kitob qilingan. Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri