Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Bunday goʻzallikni tomosha qilgan yuzlab sardobalik yoshlarni qalblari shavqu zavqqa toʻldi.
Sirdaryo viloyatida mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida bayroqlar fleshmobi boʻlib oʻtdi.
Jumladan, Sardoba tumani hokimligi va tuman yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tuman ichki ishlar boʻlimi, yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi kuzatuvida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bezatilgan 20 dan ortiq avtomobillarda fuqarolarimizga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida “Istiqlol avtokarvoni” tashkil etildi.
Istiqlol ayyomiga mos bezatilgan avtomobillar kalonnasi tuman markazi Paxtaobod shaharchasi, hududdagi mahalla va qishloqlar boʻylab yurtimiz bayrogʻini hilpiratib harakatlandi.
Bunday goʻzallikni tomosha qilgan yuzlab sardobalik yoshlarni qalblari shavqu zavqqa toʻldi.
***
Istiqlolimizning 29 yilligi arafasida Guliston davlat universitetining 2020-2021 oʻquv yildagi birinchi ilmiy kengashi boʻlib oʻtdi.
Ilmiy kengashda universitetning 7 nafar oʻqituvchisi oʻz sohalari boʻyicha fan doktori diplomlari bilan taqdirlandi.
– Yangi oʻquv yilida yana 42 nafar yoshlarni doktorlik disertasyalarni himoya qilishi rejalashtirilgan,. – deydi Guliston davlat universiteti matbuot kotibi R.Mahmudov. – Ilmiy kengashda 2020-2021 oʻquv yilida bajariladigan ishlar rejasi tasdiqlanib, unversitetda “ Adabiyotshunoslik ”, “Tilshunoslik”, “Masofaviy taʼlim” kafedralari tashkil etilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, ushbu oliy taʼlim muassasasida yangi oʻquv yilida bakalavriat boʻyicha 7 ta, magistratura boʻyicha 4 ta, sirtqi taʼlim shakli boʻyicha 6 ta yangi yoʻnalishlar ochilayotganligi, qabul kvotasi 20 foizga oshganligi ham qayt etildi. Universitetning 2, 3 va 4-bosqich talabalari joriy yilning 2-sentyabrdan onlayn shaklda taʼlim olishni davom ettirishi koʻrsatib oʻtildi.
***
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida Guliston shahar va Sayxunobod tumanida “Boshqaruv organlari, FVDT hududiy va funksional quyi tizimlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha harakatlari” mavzusida qoʻmondonlik-shtab oʻquv-mashqlari nazariy tarzda, onlayn tartibda oʻtkazildi.

Oʻquv mashqlarida shartli ravishda jami 2 ming 840 nafar kishi va 125 dona texnika jalb etildi.
Oʻtkazilgan qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqi natijalariga koʻra Guliston shahar va Sayxunobod tumani favqulodda vaziyatlarda oldini olish va ularda harakat qilish davlat quyi tizimi va iqtisodiyot obyektlari favqulodda vaziyatlarda harakatlanishga “TAYYOR” deya baholandi.