Sirdaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Mustaqillik bayrami arafasida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida “Yoshlar mehnat guzari”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Bayramoldi xabarlar – qisqa satrlarda
Mustaqillik bayrami arafasida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida “Yoshlar mehnat guzari”ning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Shu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda viloyat prokuraturasi, tuman hokimligi, sektor rahbarlari, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.
Viloyat prokurorining tashabbusi bilan 2-sektor hududida boʻsh yotgan bino taʼmirlanib, tuman “Yoshlar mehnat guzari”ga aylantirildi. Unda non sexi, sartaroshxona, tikuvchilik sexi hamda kasbga oʻqitish boʻyicha markaz oʻz faoliyatini boshlaganini alohida taʼkidlash lozim.
Tadbirda tuman yoshlari bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilib, 25 nafar yigit-qiz oʻzlari tanlagan yoʻnalish boʻyicha tumandagi boʻsh ish oʻrinlari mavjud tashkilotlarga ishga joylashtirildi.
***
Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizim xodimlari mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligini munosib kutib olish maqsadida “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman” shiori ostida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan amalga oshirmoqda.

Tozalik, obodonchilik bor joyda xayr-baraka boʻladi, degan naqlga amal qilgan soha xodimlari havo haroratining salqinlashishidan unumli foydalanib, boshqarma va tuman-shahar boʻlimlari binolari atroflarida keng koʻlamli tozalash, taʼmirlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda, hududga turli manzarali gul koʻchatlari oʻtqazish ishlari izchil olib borilmoqda.
***
Xovos tumanida paxta yigʻim terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish va yetishtirilgan hosilni nes-nobut qilmasdan yigʻib olish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda tuman hokimi U.Kamolov, sektorlar va mahallalardan ixtiyoriy ravishda shakllantirilgan terim otryadlarining rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy mavsumda tumanda 80 ta terim otryadlari tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularga tajribali mahalla faollari biriktirilgan.
Yigʻim-terim mavsumida majburiy mehnatga va voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiyan taʼkidlandi.
****
Sayxunobod tumanidagi “Shomirzaboy” fermer xoʻjaligining suv tejovchi texnologiyasi oʻrnatilgan 38,5 gektarlik paxta maydonida hududdagi fermerlar ishtirokida “Suv tejovchi texnologiyaning afzalliklari va uning xususiyatlari” mavzusida koʻrgazmali oʻquv-seminar tashkillashtirildi.
Unda tuman hokimi oʻrinbosari O.Berdibekov, Quyi Sirdaryo ITHB boʻlim boshligʻi I.Soliboyev hamda tajribali fermer M.Shomirzayevlar tomonidan suv tejovchi texnologiyalarning afzalliklari, kam suv bilan hosildorlikka erishish, mahsulot tannarxining arzonligi, ish unumdorligi, yuqori sifatli mahsulot yetishtirish xususiyatlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.