Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Guliston shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 4-TIP sport majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi uchun gandbol bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni jismoniy faollikka jalb etish va mahallalarda sport muhitini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Unda turli tuman va shaharlarda o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi.
Bellashuvlar juda qizg‘in va murosasiz kechdi. Jamoalar birinchilik uchun, shuningdek, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish yo‘lida jipslik va yuqori mahorat bilan kurash olib bordilar. Musobaqa davomida ishtirokchilar nafaqat shaxsiy salohiyatlarini, balki jamoaviy o‘yin madaniyatini ham namoyish etishdi.
Natijalarga ko‘ra, Sirdaryo tumanining Bahor mahallasi jamoasi 1-o‘rinni olib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mirzaobod tumanining Oydin mahallasi jamoasi 2-o‘rinni, Xovos tumanidagi Gulbahor mahallasi jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
***
Joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalariga tayyorgarlik ishlari yuzasidan Sirdaryo viloyatiga ishchi guruh tashrif buyurdi.
Ishchi guruh dastlab musobaqalarning mintaqaviy bosqichlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan Sirdaryo, Mirzaobod, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi sport inshootlaridagi mavjud sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ob’ektlarda musobaqalar uchun zarur infratuzilma, sport jihozlari va boshqa texnik talablarga javob berish holati o‘rganildi.
Guruh viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tadigan Guliston shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazidagi viloyat shtabida musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar, shtab ishi va logistika masalalarini muhokama etdi.
O‘rganish yakunida mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda musobaqalarni yuksak saviyada o‘tkazish, mahalliy sport tashkilotlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, hokimliklar bilan hamkorlikni kuchaytirish, joylardagi sport klublarini faol jalb qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.. Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul shaxslar belgilanib, ular zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
***
Guliston shahridagi Do‘stlik madaniyat uyida “Pandemiya” badiiy filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Sirdaryo viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etildi va unda faol yoshlar, madaniyat xodimlari hamda soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Ushbu namoyish davlatimiz rahbarining 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda suratga olingan “Pandemiya” badiiy filmida 2020 yilda dunyo bo‘ylab tarqalgan “COVID-19” pandemiyasi davrida mamlakatimizda yuz bergan sinovli voqealar, tibbiyot xodimlarining matonati va xalq birdamligining ahamiyati aks ettirilgan.
***
Vatan – bu shunchaki xaritadagi hudud emas. U insondagi iftixor, xotirasida jonlangan tarix, ruhida hayot bo‘lgan muhabbat timsolidir. Qachonki, bu tuyg‘ular oppoq qog‘ozga ko‘chsa, o‘quvchi qalbida milliy g‘urur uyg‘onadi, vatanga bo‘lgan muhabbat yanada mustahkamlanadi.
Guliston davlat pedagogika institutida tashkil etilgan “Mening yurtim” mavzusidagi esselar tanlovi aynan ana shunday yuksak ma’naviy maqsadlarga xizmat qiladi.
Ushbu ijodiy tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 20 yanvardagi 36-sonli qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturining 18-bandi ijrosi doirasida o‘tkazildi.
Mazkur tanlovda talabalar mashhur ota-bobolarimiz, ulug‘ allomalarimiz hamda yurtimiz madaniyati va unda bugungi kunda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini o‘z qarashlari orqali tasvirlashga harakat qildilar. Ularning ijodiy ishlarida yurt muhabbati, milliy iftixor, vatan taqdiriga daxldorlik ruhi ustuvor bo‘ldi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni institut Ijtimoiy gumanitar fanlar fakultetining talabasi Mashhura Iskandarova qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2 va 3-o‘rinlarga esa talabalar – Odinabonu Raimova va Charos Jumanazarovalar sazovor bo‘lishdi.
[gallery-23290]
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri