Sirdaryo viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining buyrug‘iga asosan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, suv hududlarida biologik xilma-xillikni saqlash va baliq populyatsiyalarini tiklash maqsadida joriy yilning 10 martidan 31 mayiga qadar Sirdaryo daryosida baliq ovlashga moratoriy e’lon qilingan edi. Shunga qaramasdan, Sirdaryo daryosining bir qator hududlarida noqonuniy baliq ovlash holatlari kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida, baliqlar populyatsiyalarining tiklanish jarayoniga va tabiiy ekosistemaning barqarorligiga katta zarar yetkazmoqda.
Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Sirdaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan muntazam reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ayni paytda Beshbuloq mahallasi hududidan o‘tgan Sirdaryo daryosining ma’lum qismida o‘tkazilgan navbatdagi reyd davomida ikki nafar fuqaro – S.N. va S.S. tomonidan taqiqlangan qurol – leskali to‘r yordamida ikki turdagi jami 11 dona baliq noqonuniy tarzda ovlaganligi aniqlandi.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik natijasida hayvonot dunyosiga 46 million 875 ming so‘m miqdorida ziyon keltirgani ma’lum bo‘ldi.
***
Sardoba tumanida aholiga madaniy-ma’rifiy xizmatlarni sifatli va zamonaviy tarzda ko‘rsatishga qaratilgan yana bir muhim ish amalga oshirildi. Joriy etilayotgan islohotlar doirasida tubdan ta’mirlangan 11- Madaniyat markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur maskanning tantanali ochilish marosimida nuroniylar, madaniyat xodimlari hamda mahalla faollari ishtirok etdi. Marosimda so‘zga chiqqan Sardoba tumani hokimi o‘rinbosari B. Jumaboyev ta’mirdan chiqqan Madaniyat markazi nafaqat aholi uchun madaniy hordiq maskani, balki yoshlarning iqtidor va qobiliyatini rivojlantirish, turli yo‘nalishdagi to‘garaklar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun ham samarali maskanga aylanishini ta’kidladi.
Tadbir davomida nuroniylar ham so‘zga chiqib, yaratilayotgan bunday qulay va zamonaviy sharoitlar uchun minnatdorlik bildirishdi, yosh avlodni kitob o‘qish, san’at, madaniyat va ilm-fanga qiziqish bilan yondashishga da’vat etishdi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi “Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2025 yil 1 maydan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun notijorat maqsadlarda respublikaga avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali olib kiriladigan tovarlarga bojsiz olib kirish normasi 300 AQSH dollari etib belgilandi.
Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish va olib chiqish tartiblaridagi o‘zgarishlar yuzasidan Xovos tumanida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirlar “Xovosobod” chegara bojxona postida bo‘lib, bu yerda fuqarolar va haydovchilarga shaxsiy ehtiyoj uchun notijorat maqsadda tovarlarni bojsiz olib kirish va olib chiqish normalari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Chegara hududda joylashgan Karvonsaroy mahallasining faollari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham yangi tartiblar va bojsiz olib kirish miqdorlari bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
– Bunday tadbirlar aholi orasida yangi qonun hujjatlarining samarali va keng tarqalishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, chegara hududlarda bojxona qoidalariga rioya qilish darajasini oshirishga yordam beradi, – deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi bosh inspektori Alisher G‘afforov.
[gallery-23075]
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri