Sirdaryo viloyati xabarlari-qisqa satrlarda
Ayni kunlarda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligini nishonlash arafasida xalqimizga madaniy tadbirlar, bayramona kayfiyatlar ulashilmoqda.
Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” ayollar internat uyida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi hamda Sirdaryo tumani hokimligi tomonidan madaniy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda tinch va osuda yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bor. Tadbirda internat uyida davolanayotganlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi.


***
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev 101 yoshni qarshilagan Abdi bobo Aliqulovni yo‘qlab bordi. Prezidentimiz farmoni bilan yangiyerlik mehnat faxriysi Abdi bobo Aliqulov ham “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. U ko‘p yillar ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritgan. Bugungi kunda 19 nafar nevara va 10 nafar evaraning suyukli bobosidir. Viloyat hokimi Abdi boboni Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami bilan qutlab uning ko‘ksiga yuksak mukofot “Shuhrat” medalini taqib qo‘ydi.

***
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi arafasida Xovos tumanida “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turuvchi va ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam, nogironlik aravachasi, quloq eshitish moslamalari tarqatildi.


***
Bugun viloyat “Yoshlar markazi”da “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” nomli g‘oya asosida “Ayol baxtli bo‘lsa, oila baxtli bo‘ladi, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.
Tadbirga ijtimoiy siyosiy faol, tadbirkor, oqila ayollar, fan-ta’lim, sport, san’at sohalarida yutuqlarga erishgan va davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar taklif qilindi.


Sh.Suyarov, O‘zA.