Sirdaryo IT sohasida yana bir muhim qadam tashladi
Sirdaryo viloyatida IT sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy natijalar qayd etildi. Toshkentda o‘tkazilgan «ICT Week Uzbekistan 2026» xalqaro haftaligi doirasida xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilib, ularning beshtasi Sirdaryo viloyatida yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar — Rossiyaning «IT SFERA», Belarusning «AI Corporation», AQSHning «Pased Research», «Browstone Academy» va «UNG Trans technologies» kompaniyalaridir. Ularning Sirdaryoda faoliyat yuritishi IT xizmatlari bozorini kengaytirish, raqamli loyihalarni ko‘paytirish va mahalliy mutaxassislarni sohadagi yangi loyihalarga jalb etish uchun yo‘l ochadi.

Xalqaro haftalikda Sirdaryo viloyati delegatsiyasi tarkibida tuman va shahar maslahatchilari, Raqamli texnologiyalar vazirligining hududiy bo‘linmasi hamda IT Park Sirdaryo filiali vakillari ishtirok etishdi. Muloqotlar davomida xorijiy hamkorlarga viloyatning IT sohasidagi salohiyati, raqamli xizmatlar bozori va investitsiya uchun mavjud sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

AQSH, Germaniya, Yaponiya, Gruziya, Oman va Rossiya kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda IT xizmatlari, raqamli texnologiyalar va investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
— «ICT Week Uzbekistan» xorijiy kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va aniq natijaga yo‘naltirilgan muzokaralar o‘tkazish uchun muhim maydon bo‘ldi. Uchrashuvlar yakunida beshta xorijiy IT kompaniyasi Sirdaryoda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Endi ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mahalliy kadrlarni jalb etish va raqamli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish asosiy vazifalardan, — deydi Sirdaryo viloyati hokimining sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Oybek Anvarov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, IT sohasini rivojlantirishda xorijiy kompaniyalarni jalb qilish bilan bir qatorda mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish ham muhim. Shu bois yoshlarni dasturlash, sun’iy intellekt va boshqa raqamli yo‘nalishlarga o‘qitish ishlari ham olib borilmoqda.

Xorijiy kompaniyalarning Sirdaryoda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi viloyatning IT sohasida xalqaro hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri