Sirdaryo IES jamoasining Ugamdagi xotiralari (+video)
Shirin shahrida joylashgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi mamlakatimiz energetika tizimi ehtiyojlarining uchdan bir qismini ta’minlab beradi. Ya’ni, bir kunda o‘rtacha 51 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, milliy tarmoqqa uzatadigan mega quvvatdir.
So‘nggi yillarda korxona to‘liq modernizatsiya qilinib, barcha energobloklar zamonaviysiga almashtirildi. Yangi uskunalar o‘rnatildi, korxona mutaxassislari malakasi oshirildi. Ayni vaqtda stansiyada mavjud 8ta energoblok aholining uzluksiz energiya manbalari bilan ta’minlash uchun soatiga maksimum o‘rnatilgan quvvat, ya’ni 3200 megavatt elektr energiya ishlab chiqarib, milliy tarmoqqa uzatmoqda.
Albatta, bu yerdagi ishchi xizmatchilar zimmasidagi mas’uliyat ham juda yuqori. Shuni inobatga olgan holda xodimlar malakasi doimiy ravishda oshirib boriladi. Jumladan, seminarning navbatdagisi Toshkent viloyatining so‘lim maskani “Ugam” sog‘lomlashtirish oromgohida tashkil etildi.
O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi tizimida faoliyat yurituvchi xizmat, sex va bo‘lim kasaba qo‘mitalari mehnat muhofazasi vakillarining malakasini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan seminar bir qancha maqsadlarni nazarda tutadi.
– Birinchi navbatda xodimlarning mehnatini, huquq va erkinliklarini himoyalash maqsadida tashkil qilingan. Bu bir tomondan dam olish sifatida, ikkinchi tomondan seminar sifatida o‘tkazilyapti, - deydi Respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi mehnat huquqi inspektori Shirinxon Umaraliyeva. – Bu yerda asosan O‘zbekiston Respublikasining oxirgi paytda qabul qilingan qonunlari bo‘yicha, yangi qabul qilingan “Mehnat kodeksi” va undagi moddalar bo‘yicha xodimlarning bilimlari oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda respublikada faoliyat yurituvchi sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan texnika xavfsizligi, xodimlarning mehnat muhofazasi, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va boshqa joriy etilgan yangiliklar xususida ma’ruzalar qilindi.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/L-DQI-EHAoU" title="Sirdaryo IES jamoasining Ugamdagi xotiralari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bahs-munozaralar, savol-javoblar asosida o‘tgan seminarda ishchi-xodimlarning o‘z sohalari bo‘yicha bilimlari yanada yuksaldi. Tadbir so‘ngida mehnat jamoatchilik vakillari guvohnomasi ham tantanali topshirildi.
Seminarning ikkinchi kuni ham taasurotlarga boy bo‘ldi. Olingan bilimlarni yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual musobaqasida 8 jamoa o‘zaro bellashdi.
Tadbirning madaniy qismida mehnat jamoasi poytaxt viloyatining eng chiroyli va manzarali joylaridan biri bo‘lgan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortida hordiq chiqardilar.
Sanjar Toshpo‘latov,
Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA