Sinovlarda toblangan yurt
Poytaxtimizdagi "Xalqlar do‘stligi" saroyida Madaniyat vazirligi tomonidan "Sinovlarda toblangan yurt..." deb nomlangan xayriya gala-konserti uyushtirildi.
Mazkur xayriya konsertiga koronavirus kasalligi tarqalishi munosabati bilan mamlakatimizda kechgan pandemiya jarayonida fidokorona faoliyat ko‘rsatgan turli soha vakillari taklif etildi.
O‘tgan 2020 yil nainki O‘zbekiston, balki butun Yer kurrasi uchun g‘oyat sinovli, murakkab, og‘ir kechdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq tahdidli vaziyat nainki insoniyat salomatligi va hayotiga, balki odamlar ruhiyati, kayfiyati, jahon iqtisodiyoti, sanoat, ishlab chiqarish, umuman, barcha jabhalarda o‘zining salbiy ta’sirini qoldirishga, ko‘plab jabhalarni izdan chiqarishga ulgurdi.
G‘oyat yuqumli va xavfli, ayni paytda tibbiyot olami uchun hali noma’lum bo‘lgan ushbu xastalik mamlakatimizga chetdan kirib keldi. O‘sha tashvishli kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning qat’iyati, xalq dardi bilan yashashi, odamlar og‘irini yengil etish umr mazmuniga aylangani yana bir karra amalda namoyon bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning koronavirus tahdidiga qarshi kurash bo‘yicha olib borgan amaliy chora-tadbirlari xalqaro miqyosda ham yuqori baholandi. Saxovat, mehr-muruvvat, matonat va jasoratga yo‘g‘rilgan umumxalq harakati mamlakat bo‘ylab keng quloch yoydi.
Bu jarayonda aholining, ayniqsa, zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, qiynalgan oilalar, yolg‘iz keksalar, imkoniyati cheklangan fuqarolar xolidan xabar olish, odamlar salomatligini asrash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rildi. Shu maqsadida qisqa fursatda tibbiyot maskanlari, karantin hududlari barpo etildi.
Tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat va imtiyozlar yaratildi. Ta’lim maskanlaridagi o‘qish jarayoni masofaviy shaklga o‘tkazildi. O‘quvchi va talabalar to‘liq onlayn darslar bilan qamrab olindi.
Garchi yangi turdagi kasallik bilan kurashishning aniq metodologiyasi bo‘lmasa-da, barcha shifoxonalarda tibbiyot xodimlari bemorlar hayotini saqlab qolish uchun bor bilimi, kasbiy malakasini, salohiyati va iqtidorini ishga soldi. O‘sha g‘oyat murakkab va sinovli kunlarda shifokorlar rostmana xaloskorlar– chin qahramonlarga aylandilar.
Ayni paytda jamiyatda barqarorlik, tartibni saqlash, uning izdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik, epidemiologik barqarorlikni qat’iy ta’minlash, metin intizom, tartibni saqlashda harbiylar, jumladan, Mudofaa, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar, Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar tizimlarining vakillari, muhandislik, epidemiologik osoyishtalikni saqlash sohasi mutaxassislari, harbiy shifokorlar o‘zlarini ayamasdan mehnat qildilar.
Vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, mamlakat uchun har bir so‘m hisobli bo‘lgan bir davrda nuroniylarning nafaqalari, barcha ijtimoiy to‘lovlarning to‘xtab qolishiga aslo yo‘l qo‘yilmadi!
Sirdaryo, Buxoro viloyatidagi ko‘ngilsiz hodisalar vaziyatni yanada murakkablashtirdi.
Biroq shunday og‘ir lahzalarda xalqimiz bir musht bo‘lib birlashdi. O‘z matonati, irodasi, bardoshini yana bir karra namoyon etdi.
Koronavirus tahdidini pisand etmasdan yurtimizda yangi-yangi ijtimoiy ob’ektlar, tibbiyot markazlari, o‘quv dargohlari, ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasi oz fursatda, yuqori sifat bilan bunyod etildi. Bu bog‘ fashizm balosini yengishda O‘zbekiston xalqining matonatli hissasidan hayotiy, jonli misollar yordamida so‘zlaydi.
Ha, darhaqiqat pandemiyadan har bir yurtdoshimiz yanada sabr va bardoshli bo‘lib, muayyan hayotiy xulosaga ega bo‘lib chiqdi. Hayotning, yaqinlaru qadrdonlarning, bexavotir kunlarning qadriga ko‘proq yeta boshladik!
Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da barpo etilgan Adiblar xiyoboni ma’naviyat, adabiyotning fayzli maskaniga aylandi.
..."Xalqlar do‘stligi" saroyining muhtasham zali. Og‘ir pandemiya davrida barcha jabhalarda jonbozlik ko‘rsatgan hamyurtlarimiz sharaflandi. Vatanni, istiqlolni, mardlik va matonatni, hayot qadrini ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlardan iborat gala-konsert namoyish etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA