Sifatli terim xirmonning yanada yuksak bo‘lishini ta’minlaydi
Paxta dalasidagi mehnatning yakuniy natijasi hosilni yetishtirish bilan emas, uni o‘z vaqtida, sifatli va kam nobudgarchilik bilan yig‘ib olish bilan belgilanadi. Bu jarayonda zamonaviy texnikadan unumli foydalanish, uni boshqaradigan malakali mexanizator va operatorlarni tayyorlash esa mavsum muvaffaqiyatining muhim shartlaridan biridir.
Shu maqsadda Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida yangi xarid qilingan paxta terish mashinalarini boshqaradigan mexanizatorlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbir qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, paxta yig‘im-terimi jarayonlarini samarali tashkil etish hamda zamonaviy texnikalardan unumli foydalanishga qaratildi.
O‘quv mashg‘ulotlarida mexanizatorlarga zamonaviy paxta terish mashinalarining texnik imkoniyatlari, ularni to‘g‘ri va xavfsiz boshqarish, texnik xizmat ko‘rsatish qoidalari hamda hosilni sifatli yig‘ib olishning muhim jihatlari tushuntirildi. Nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirilib, yangi texnikani samarali boshqarish, ehtimoliy nosozliklarning oldini olish va mehnat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Zero, zamonaviy mashina qanchalik mukammal bo‘lmasin, uning imkoniyatini to‘liq namoyon etadigan asosiy kuch — malakali mutaxassis. Shu ma’noda bunday o‘quv-seminarlar texnika va inson mahoratini bir nuqtada birlashtirib, daladan olinadigan natijaning sifatini belgilashga xizmat qiladi.
Bu boradagi ishlar mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash jarayonining izchil davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda 1 ming 756 ta paxta terish mashinasi xarid qilingan va paxta terimining mexanizatsiya darajasi 52 foizga yetgan. O‘tgan mavsumda 2 million 100 ming tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingan. 2026-yilda esa yana 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi va paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.
Jizzax viloyatida ham paxtachilik oldiga katta maqsadlar qo‘yilgan. 2026-yilda viloyatda 67,6 ming gektar maydonda 350 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish, hosildorlikni 51,5 sentnerga yetkazish va 240 milliard so‘m qo‘shimcha daromad olish rejalashtirilgan.

Demak, hosilni yig‘ib-terish mavsumiga tayyorgarlik faqat texnikani dalaga chiqarishdan iborat emas. Uning zamirida texnika holatini puxta tekshirish, mexanizatorning mahoratini oshirish, xavfsizlik talablarini ta’minlash va terimni qisqa muddatda sifatli tashkil etish kabi bir-biriga chambarchas bog‘liq vazifalar mujassam.
Ayni jihatdan qaraganda, Zafaroboddagi o‘quv-seminarning ahamiyati yanada oydinlashadi. Chunki paxta dalasida bir kunlik kechikish ham hosil sifati va nobudgarchiligiga ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun texnika va uni boshqaradigan mutaxassis ham mavsumga tayyor bo‘lishi kerak.
Soha mutaxassislari ta’kidlaganidek, g‘o‘za defoliatsiyasini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish ham paxtani qisqa muddatda yig‘ib-terib olish va terim mashinalaridan samarali foydalanish uchun muhim zamin yaratadi.

Ayni paytda mamlakatda paxtachilikda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yil 9-dekabrda qabul qilingan Prezidentning “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2026-yil uchun paxtachilikda zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish natijasida hosildorlikni 50 sentnerdan oshirish maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan.
Shunday ekan, dalalardagi bugungi mehnat, zamonaviy texnika va malakali mexanizator mahorati bir maqsadga — yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay, yuqori sifatda yig‘ib olishga xizmat qiladi.
O‘quv-seminar yakunida tinglovchilarning egallagan bilim va ko‘nikmalari baholanib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan mexanizatorlarga mas’ul tashkilotlar vakillari tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri