Sifatli, tabiiy va to‘g‘ri balanslangan taom – inson organizmi uchun hayotiy quvvat manbai
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yigirma bir yillik ilmiy kuzatuvlari yakunida e’lon qilgan shoshilinch bayonoti bugungi kunda insoniyat eng og‘riqli va yashirin global inqirozlardan biri bilan yuzma-yuz kelganini anglatadi. Tarkibida xavfli bakteriyalar, viruslar, parazitlar yoki kimyoviy moddalar bo‘lgan oziq-ovqatlarning yiliga 1,5 million kishining hayotiga zomin bo‘layotgani, ayniqsa, begunoh go‘daklarning bundan eng ko‘p jabr ko‘rayotgani ushbu mavzuni asrimizning eng dolzarb muammosiga aylantiradi. Bu, oziq-ovqat xavfsizligi tizimi zanjiridagi jiddiy uzilishlar nafaqat iqtisodiyotga, balki insoniyatning demografik poydevoriga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solayotganidan dalolatdir.
Bugungi kunda «Aslida, biz iste’mol qilayotgan oziq-ovqatlar sog‘lommi?» degan savol har qachongidan ham o‘rinli va javobi murakkab bo‘lib turibdi. Keng ko‘lamli sanoatlashish, transmilliy korporatsiyalarning bozorni arzon va uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlar bilan to‘ldirishga intilishi natijasida kundalik taomnomamiz tubdan o‘zgardi. Zamonaviy dunyodagi oziq-ovqatlarning katta qismi sirtdan jozibali va mazali tuyulsa-da, ularning ichki tarkibi genetik modifikatsiyalangan elementlar, sun’iy bo‘yoqlar, konservantlar va ta’m kuchaytirgichlarga to‘lib-toshgan. Intensiv dehqonchilik va chorvachilikda pestitsidlar, kimyoviy o‘g‘itlar hamda antibiotiklarning pala-partish qo‘llanilishi esa tabiiylik va sog‘lomlik tushunchasini deyarli yo‘qqa chiqarmoqda.
Inson salomatligi nuqtai nazaridan yondashganda, oziq-ovqatning ham hayot baxsh etuvchi, ham uni barbod qiluvchi ikki tomonlama kuchi mavjud. Sifatli, tabiiy va to‘g‘ri balanslangan taom inson organizmi uchun hayotiy quvvat manbai bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi, hujayralar yangilanishini ta’minlaydi va umrni uzaytiradi. Aksincha, sifatsiz, zaharlangan yoki kimyoviy ishlov berilgan mahsulotlar qisqa muddatda o‘tkir toksikoinfeksiyalarni keltirib chiqarsa, uzoq muddatli istiqbolda saraton, qandli diabet, yurak-qon tomir xastaliklari va semirish kabi surunkali kasalliklarning asosiy omiliga aylanadi. JSSTning 886 million insonning sifatsiz oziq-ovqatdan xastalanayotgani haqidagi ogohlantirishi aynan mana shu zararning ko‘lami qanchalik dahshatli ekanini isbotlaydi.
Global muammolarga qarshi kurashda dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, rivojlangan davlatlar oziq-ovqat zanjirini «daladan dasturxongacha» tamoyili asosida qat’iy nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Masalan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida mahsulot tarkibidagi har bir kimyoviy moddaning me’yori mikrogrammgacha tekshiriladi va xavf aniqlangan zahoti butun boshli mahsulot partiyalari bozorlardan chaqirib olinadi. Biroq butun dunyo bo‘yicha asosiy muammo sifatida rivojlanayotgan davlatlarda sanitariya nazoratining sustligi, sovutkichli omborxonalar va tashish tizimining yetishmasligi hamda aholining ovqatlanish madaniyati va gigiyena qoidalari haqidagi tushunchasi pastligicha qolayotgani kuzatilmoqda.
Mazkur yashirin epidemiyaning eng maqbul yechimi sifatida davlat va jamiyat birdek harakat qilishi lozim bo‘ladi. Birinchi navbatda, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish ustidan laboratoriya nazoratini kuchaytirish, majburiy sertifikatlash tizimini shaffoflashtirish talab etiladi. Shu bilan birga, har bir iste’molchi taom tayyorlash, saqlash va xarid qilishda oddiy gigiyena qoidalariga rioya etishi — qo‘llarni tez-tez yuvishi, xom go‘sht va pishgan taomlarni alohida saqlashi, mahsulotlarni yuqori haroratda to‘liq pishirishi va muddati o‘tgan yeguliklardan voz kechishi shart. Faqatgina tizimli nazorat va yuqori shaxsiy mas’uliyat uyg‘unlashgandagina, biz dasturxonimizni xavfdan xoli qilib, kelajak avlod, ayniqsa, eng zaif qatlam bo‘lgan farzandlarimiz sog‘lig‘ini asrab qola olamiz.
Mohigul Qosimova,
O‘zA