Sietl meri 1-sentabrni “O‘zbekiston mustaqilligi kuni” deb e’lon qildi
AQSHning Sietl shahri meri Keti B.Uilson 2026-yil 1-sentabrni shaharda “O‘zbekiston mustaqilligi kuni” deb rasman e’lon qildi. Bu haqda mer tomonidan imzolangan maxsus proklamatsiyada qayd etilgan.
Proklamatsiyada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatning ushbu davr mobaynida suverenitet, barqaror taraqqiyot va keng ko‘lamli islohotlar yo‘lidan o‘tgani ta’kidlangan.
Hujjatda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat ekani, mamlakat iqtisodiyoti yillik 5–6 foiz atrofida o‘sayotgani hamda ochiq bozor tamoyillari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li chorrahasida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchini qamrab oluvchi mintaqaga strategik darvoza vazifasini bajarishi alohida e’tirof etilgan. Mazkur omillar Sietl biznes hamjamiyati uchun savdo, investitsiya, logistika, texnologiya va energetika yo‘nalishlarida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishi qayd etilgan.
Proklamatsiyada O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulligi faoliyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Konsullik ikki tomon o‘rtasida odamlar, biznes vakillari va davlat idoralari darajasidagi uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Shu tariqa, Sietl shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 1-sentabr - “O‘zbekiston mustaqilligi kuni” sifatida rasman e’tirof etildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA