SI Xitoy eksportini rekord darajaga olib chiqdi
Sun’iy intellekt texnologiyalariga bo‘lgan jahon talabi XXR eksportini yana jadal sur’atlarda o‘sishiga turtki berdi. Mamlakat Bojxona boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida eksport o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshgan.
Tahlilchilarning qayd etishicha, o‘sishga eng katta hissani yarimo‘tkazgichlar va yuqori texnologiyali mahsulotlarga talabning ortishi qo‘shgan. “Capital Economics” tadqiqot markazi eksperti Julian Evans-Pritchardning fikricha, sun’iy intellekt sohasi global mikrochiplar narxini oshirdi va bu Xitoy tashqi savdosidagi o‘sishni yanada tezlashtirdi. Uning ta’kidlashicha, hatto shu omilni hisobga olmaganda ham XXR mahsulotlariga tashqi bozorlarda talab yuqoriligicha qolmoqda.
Joriy yilning iyun oyida import ham 36 foizga o‘sgan. Mutaxassislar bunga Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli energiya va import mahsulotlari qimmatlashgani ta’sir ko‘rsatganini aytmoqda. Natijada mamlakatning tashqi savdo profitsiti 125,6 milliard dollarga yetdi.
Eksport o‘sishida ayniqsa elektromobillar, mikrochiplar va boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlar yetakchilik qildi. Shu bilan birga, Xitoy kompaniyalari AQSH va Yevropa bozorlaridagi tarif cheklovlarini chetlab o‘tish maqsadida ishlab chiqarish quvvatlarini boshqa mamlakatlarga ko‘chirishni ham davom ettirmoqda.
Ekspertlar fikricha, eksport o‘sishi hozircha saqlanib qoladi, biroq uning sur’ati kelgusida jahon bozoridagi talab va savdo cheklovlariga bog‘liq bo‘ladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA