Shvetsiya Malidan harbiylarini olib chiqmoqchi
Shvetsiya “Vagner” askarlari Maliga kelishi munosabati bilan Takuba aksilterror missiyasida qatnashishdan bosh tortdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Ann Linde ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, missiyada ishtirok etayotgan shved harbiylari 2022 yilda Mali hududini tark etadi.
Bundan tashqari, Shvetsiya hukumati mazkur sabab tufayli BMTning Malidagi tinchlikparvar missiyasida ham ishtirok etmasligi mumkin. Vazir ushbu masala qayta ko‘rib chiqilishini aytgan, ammo qatnashadimi yoki yo‘qmi degan savol ochiqligicha qolmoqda.
Shvetsiya parlamenti 2020 yilda bir yuz ellikka yaqin harbiyni Takuba operatsiyasida ishtirok etish uchun Maliga yuborishga ruxsat bergan edi. O‘sha payt ikki yuz ellikka yaqin harbiy BMT missiyasiga jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Malida 2020 yilda yuz bergan davlat to‘ntarishi tufayli vaziyat ancha keskinlashgan edi. Shundan so‘ng G‘arbiy Afrika davlatlari o‘z chegaralarini yopdi, diplomatik munosabatlar uzildi. Mamlakatga qarshi iqtisodiy sanksiyalar ham joriy qilindi.
Yevropa Ittifoqi “Vagner” tashkiloti va unga aloqador ayrim shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi. Biroq, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Jozef Borrel norasmiy harbiy tashkilotning Malida bo‘lishini fakt sifatida qabul qilish kerakligini ta’kidlagan.
Interfaks agentligi xabariga ko‘ra, parlament fevralda Malidagi vaziyatni yana muhokama qiladi.
“Vagner” – norasmiy qurolli tashkilot hisoblanadi. Ko‘pincha ommaviy axborot vositalarida “Vagner” tashkiloti Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyasi sifatida e’tirof etiladi.