Shusha Global media forumining ikkinchi kuni
Shusha shahrida 50 mamlakatdan 150 nafar xorijlik mehmon, jumladan 30 davlat yetakchi axborot agentliklari, 3 xalqaro tashkilot va 82 media-sub’ektni birlashtirgan II Global media forum davom etyapti. Tabiiyki, ishtirokchilar safida Ozarbayjonlik soha mutaxassislari, rasmiylar ham bor.
Xususan, davlat rahbarining yordamchisi – Prezident Administratsiyasi tashqi siyosat masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Hikmet Gajiyev forum qatnashchilariga yo‘llagan rasmiy tabriknomasida kuchli muloqot vositasi sifatida axborotdan to‘g‘ri foydalanish jiddiy masala ekanini ta’kidladi. Soha raqamlashtirilishi axborotni ishlab chiqarish va tarqatish jarayoniga jadallik olib kirdi. Shu bilan birga axborot maydoni “tozaligi”ga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Uning fikricha, soxta ma’lumot yangilikni manipulyatsiya qilish imkonini beradi va bu jarayonda asosiy jabrlanuvchi OAV va jurnalist bo‘lib qoladi.

OAV sun’iy ong bilan bog‘liq jarayondan ortda qolayotganiga urg‘u bergan X.Gajiyev BMT va boshqa tashkilotlar bilan yanada yaqin hamkorlik qilish zarurati hamda ishonchli ma’lumot tarqatish muhimligini e’tiborga olib, atamashunoslik (terminologiya) sohasida oldinda muhim ishlar turganini qayd etdi.

Ozarbayjon Milliy matbuotining 149 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan anjuman doirasidagi muhokamalarda sun’iy intellektning sohaga ta’siri, tarqatilgan soxta xabarning oqibati, feykka chidamli jamiyat barpo etish, media savodni oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr, tajriba almashildi. Munozaralarni yirik telekompaniyalar, axborot agentliklari, media-xolding vakillari boshqarib borishdi.
Forumda BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 29-sessiyasi – SOR29 munosabati bilan amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari, davlatlar darajasida o‘tkazilayotgan iqlim o‘zgarishi oqibatiga qarshi kurash xususida ham ma’lumot berildi.
Durdona Solihova, O‘zA
Shusha shahri, Ozarbayjon