Shovqinlardan qanday himoyalanish mumkin?
Haddan ortiq shovqinlar inson salomatligiga putur yetkazuvchi omillardan hisoblanadi. Lekin shovqinlar haqida tadqiqotlar o‘tkazilganmi?
Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.
Xususan, bugungi kunga qadar mamlakatimizda zararli shovqin ta’siriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.
Misol uchun, “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.
Ayni paytda, “tungi vaqt” bo‘yicha yagona tushuncha mavjud emas. Masalan, ushbu vaqt Mehnat kodeksining 122-moddasiga muvofiq – soat 22:00 dan 06:00 gacha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga muvofiq – 23:00 dan 06:00 gacha, “Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi hududlarida ruxsat etiladigan shovqin me’yorlaridan oshmasligini ta’minlashga qo‘yiladigan sanitariya qoidalari va normalari”ga muvofiq esa – 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilangan.
Qolaversa, ushbu sohada ma’lum ilmiy izlanishlar ham mavjud emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida shovqin sohasida faqat bitta keng qamrovli tadqiqot o‘tkazilgan.
Biroq, kishilar ongiga ta’sir qiluvchi shovqin ta’siriga qarshi kurashish zarurati xalqaro darajada e’tirof etilgan. Jumladan, BMT Inson huquqlari kengashining 2021 yil 5 oktyabrdagi 48-sessiyasida insonning xavfsiz, toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga bo‘lgan huquqini umuminsoniy huquq sifatida e’tirof etgan rezolyutsiya qabul qilingan.
Qator xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurashish maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Yaponiyada 1968 yilda “Shovqinni tartibga solish to‘g‘risida”, AQSHda 1972 yilda “Shovqinni nazorat qilish to‘g‘risida”, Buyuk Britaniyada 1996 yilda “Shovqin to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan.
Germaniyada transport harakati shovqiniga qarshi kurashda yo‘llar chetidagi shovqin darajasini aniqlash uskunalaridan faol foydalaniladi.
Fransiyada avtomatik foto-videokameralar shovqin darajasi kuchli bo‘lgan avtomashinani tanib olish, avtomatik ravishda suratga olish va uning raqamini o‘qish qobiliyatiga ega shovqin radarlar bilan jihozlangan. Ushbu tizim avtotransport egasiga jarima to‘lash zarurligi haqidagi xatni avtomatik ravishda yuboradi.
O‘rganish natijasida Adliya vazirligi mutaxassislari inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan bo‘lgan shovqinga qarshi kurashni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xususan, shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashishni yanada puxta va aniq tartibga solish; ruxsat etilgan shovqin darajasiga aniqlik kiritish; belgilangan darajadan ortiq shovqin ta’siri uchun tovon to‘lashning huquqiy mexanizmini yaratishga harakat qilinmoqda.
Mazkur tavsiyalarni amalga kiritish maqsadida qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, rivojlangan xorijiy davlatlar misolida avtomobil yo‘llarida shovqin balandligini o‘lchash asboblarini o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya etilib, shovqinning salbiy ta’siriga qarshi kurashish sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha boshqa taklif va tashabbuslar ham mas’ul idoralarga taqdim etildi.
Ushbu tashabbuslarning imkon qadar tezkorlik bilan amalga oshirilishi jamiyat hayotini yaxshilash, shovqinning salbiy ta’siriga barham berish, shuningdek, zararli mehnat sharoitlariga ega ishchilar hamda shovqin ta’siri mavjud noqulay hududlarda yashovchi aholi uchun adolatli kompensatsiya to‘lovlari joriy etilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA