Sho‘ro saltanatini titratgan tarixiy nutq
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg, jamoat arbobi, publitsist Odil Yoqubov hayot bo‘lganlarida bugun 95 yoshni qarshi olgan bo‘lardi.
Odil akaning xalqimiz orasida mashhur va nihoyatda katta obro‘ga sazovor bo‘lishi faqatgina uning yozgan asarlari tufayli desak, xato bo‘ladi. Aslida uning ijodiy faoliyati el dardi bilan uyg‘unlashib ketgan edi. Uning xalq orasida yanada hurmatga sazovor bo‘lishida saksoninchi yillarning oxirida sobiq ittifoq davrida Moskva xalq deputatlari qurultoyida so‘zlagan otashin nutqi edi.
Odil Yoqubov minbardan turib sho‘ro siyosati respublikalar hayotini mustamlaka darajasiga solib qo‘yganini ro‘y-rost ochib bergan edi. Xususan, paxta yakkahokimligi tufayli o‘zbek xalqining og‘ir iqtisodiy holatga solingani, ayollarimizning ayanchli ahvoli, bolalar o‘limi va aholi turmushining nihoyatda past darajaga tushib ketishini dalillar bilan ommaga yetkazgan edi.
O‘sha paytda Odil Yoqubovning nutqlarini qurultoy qatnashchilari qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan, yurtdoshlarimiz bu jarayonlarni ko‘z yoshlari bilan kuzatib borishgan. Ana shunday uchrashuvlardan birida Odil Yoqubov zalda o‘tirgan sobiq Sho‘rolar hukumatining amaldoriga shaxsan murojaat qilib, markazdan turib boshqarish siyosati xalqimiz boshiga solgan mudhish oqibatlarini ko‘rsatib beradi. Jumladan, respublikamizda majburiy paxta yetishtirish dehqonlarimiz hayotini og‘ir oqibatlarga olib kelganini, tabiatga qolaversa o‘sib kelayotgan yosh avlodning salomatligi falokat ostida ekanligini aytadi. O‘sha paytda garchi umri tugab borayotgan bo‘lsada sobiq ittifoq rahbarlaridan biriga bunday murojaat qilish uchun “otning kallasidek” yurak kerak edi. Odil akada esa ana shunday yurak bor edi.
Odil Yoqubov rahbarlik qilgan davrda salkam million nusxada chiqadigan "O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi o‘zbekning dardini yuzaga chiqargan minbarga aylangandi. Orol dengizining qurishi, tabiatni asrash masalalari, paxta yakkahokimligi, Sho‘ro armiyasidagi "dedovshina" muammolari ilk bor matbuot yuzini ko‘rgandi. Uning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga raisligi uyushmaning mamlakatdagi ilk demokratik harakatlar beshigiga aylanishiga sharoit yaratgan edi.
Odil Yoqubov ijodkor, qolaversa rahbar sifatida ham ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi, ularning adabiyotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashdi. Uning izlanishlari va katta mehnati tufayli mashhur “Ulug‘bek xazinasi” romani dunyoga keldi va bu roman turkiy adabiyotning umumiy yutug‘i sifatida e’tirof etildi.
<iframe width="1366" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/xAYolXDQEEA" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Kenjabek Bekjonov,
Nishonboy Abduvoitov, O‘zA