Sho‘rchi tumanida “ 01 chilar” poygasi
Poygachilar birin-ketin saf tortdi. Unda ishtirokchilarning har biri turli mashina bilan poygaga tushdi. Oldingi safda o‘zining “Kobalt” rusumli mashinasi bilan o‘rin olgan Parda Valiyev “toychog‘i”ning u yoq, bu yog‘ini tortib, moyini ham ko‘rib, poygadan oldin oshxonaga kirib, o‘zini ham gazlab, qizib yo‘lga chiqdi. Poyganing yarmiga kelganda uning ko‘cha bo‘ylab yurishi hakamlarda shubha uyg‘otdi.
To‘xtatib sog‘lig‘i mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazildi. Yuragi bir yarim barobar tez urib, qinidan chiqqudek bo‘lyapti. Yaxshilab tahlil qilib ko‘rilganda qon tarkibida qalqib yurgan spirt qoldig‘i borligi aniqlandi.
Poyga hakami Parda Valiyevni bir yarim yil mashina rulini ushlashdan mahrum etib, poyga tartibiga rioya etmagani uchun unga besh million besh yuzu yetmish besh ming so‘m jarima solib, poygadan chetlatdi.
Hakamlardan biri g‘izillab kelayotgan “Lasetti” egasi, ya’ni navbatdagi poygachi Anvar To‘rayevning xavfsizlik kamarini taqmasdan, kim bilandir mendan keyin qaysi mashina kelyapti, deya qo‘l telefonida gaplashganini ko‘rib qolib, uni ham darhol to‘xtatdi. Hakam yaqinlashgach, undan ham aroqning hidi anqib turgani sezildi. Ana xolos! Yana bir poygachi qovun tushirib qo‘ydi. Uni ham darhol mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazishdi.
Shundoq qilib, Anvar To‘rayev ham bir yarim yil “Lasetti”sining eshigidan ichkari kirmaydigan bo‘ldi. Koshki edi shu bilan qutilsa. “Sen ham poyga tartibiga xilof ish qilding”, deya bosh hakam uch million uch yuzu qirq besh ming so‘m jarima to‘lovini ham eslatdi.
Poygada o‘zini sinab ko‘rish uchun Zarif To‘rayev ham “Neksiya”si bilan safga kelib qo‘shilgan edi. Ayni poyga qizigan chog‘i u pand berib qo‘ydi. Tezligi o‘xshamay kelayotgan Zarifni yo‘l chetida transport vositalarini kuzatib turgan hakam to‘xtatdi.
YHXBdan tayinlangan hakam uning hujjatini so‘raganda na mashina hujjati, na sug‘urtasi yo‘qligini sezdirib qo‘ydi. Mashina ichidan yoqimsiz, qo‘lansa hid kelayotganini sezgan sergak hakam uni ham mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazib, rulda spirtli ichimlik iste’mol qilganini aniqladi.
Zarifboy ham “Neksiya”si bilan bir yarim yilga xayrlashadigan bo‘ldi. Hujjatlardagi kamchilligi uchun uch million uch yuzu qirq besh ming so‘m jarima ham hisoblandi.
Noodatiy 01 chilar poygasida ishtirok etganlardan yana biri Ali Karimovdir. U mening spirtli ichimlik iste’mol qilib, poygaga qo‘shilganimni hakamlar sezmasa kerak, degan o‘y bilan kiyimlarini almashtirib chiqqan edi. “Neksiya”sining raqami pand berib qo‘ydi. YHXB tomonidan qo‘yilgan ishonchli hakam uning toychoqdek yelib kelayotgan mashinasi ko‘rsatkich tayog‘ini ko‘tarib, “to‘xta” ishorasini qildi. Aliboy tormoz bossa ham anchagina siljib ketdi. Katta yo‘l o‘rtasida “Neksiya” balonidan qora chiziq qoldi.
Haligi to‘xtatgan hakam Aliboyga, “siz “bez” ekansiz, quloqsiz odam ekansiz. Yaqinda ham bir poyga qilib, “chuv” tushirdingiz. Bunisi ikkinchi marta bo‘lishi. Hujjatsiz yurganingizniku uch marta eslatdik”, deya qattiq dashnom ham berdi.
Ali Karimov bosh hakamdan qilmishini yaxshilab o‘ylab ko‘rishi uchun roppa-rosa o‘n sutkaga bir kishilik “lyuks” xonaga yo‘llanma oldi. Shuningdek, uning qulog‘iga “hujjatlarni to‘g‘rilashni yana paysalga solma” deya, davlat foydasiga ikki million ikki yuzu o‘ttiz ming so‘m jarima to‘lashni shipshitib qo‘yishdi.
Poygachilar safida yana ikkita “Damas” g‘izillaganicha manzilga yetish uchun shoshyapti. Qarshi Mirzayev boshqarib kelayotgan “Damas”ni ogohlantirish uchun to‘xtatgan hakam uning ham hujjati yo‘qligini sezib qoldi. Haydovchi ko‘zini olib qochishiga qaraganda bir gap borov, deb uni tekshirib ko‘rsa, og‘zidan badbo‘y hid kelmoqda.
Bu qilmishi uchun Q.Mirzayev bir yarim yil mashina haydash huquqidan mahrum etilib, uch million uch yuzu qirq besh ming so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Ikkinchi “Damas” egasi Oybek Hayitovning hujjatlari joyida bo‘lsa-da, u ham spirtli ichimlik dastidan poygadan chetlatildi. Endilikda u arog‘u pivoning badxo‘r hidi anqib turgan mashinasi eshigini o‘n sakkiz oy ochmaydigan bo‘ldi. Undan davlat foydasiga uch million uch yuzu qirq besh ming so‘m jarima undirilishi belgilandi.
Poyganing oxirida kelayotgan “Gaz”ik undan o‘zib ketgan poygachilarni yetib olish uchun oraliq ko‘chadan kesib o‘tmoqchi bo‘lib, markaziy ko‘chadan yon ko‘chaga mashinasini burib yubordi. Ziyrak hakamlar buni sezib qolib, mashinani to‘xtatdi. Qarashsaki, mashinadan nafasni qisuvchi hid kelmoqda. “Betobga o‘xshaysiz. Sog‘lig‘ingizni mutaxassisga ko‘rsatishimiz kerak. Mashinani orqaga burib oling” deyishganida haydovchi Bahrom Husanov bormayman, deya qarshilik qildi. YHXBdan tayinlangan hakam ham anoyilardan emas ekan. Baribir uning ichib yurganini isbotladi. Bahrom Husanov ham 18 oy qadrdon “Gaz”ini gaz oldirmaydigan bo‘ldi. Davlatning ishonchli hakamlariga bo‘ysunmagani uchun undan ham qo‘shimcha uch million uch yuzu qirq besh ming so‘m jarima undirildi.
bugungi reportajni shu yerda yakunlab, eslatib qo‘ymoqchimizki, Sho‘rchi tumanidagi noodatiy “01 chilar” poygasida ishtirok etishdan ehtiyot bo‘ling. Aks holda mahalla-ko‘y oldida yuzingiz shuvut bo‘lib qoladi-ya!
Poyga bosh hakami: Muzaffar HAKIMOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani sudi raisi,
yordamchi hakam: Chori QORAQULOV, sud maslahatchisi
O‘zA