Sho‘r yuvish tadbirini kechiktirib bo‘lmaydi
Navoiy viloyatida sho‘r yuvilishi lozim bo‘lgan 13 ming 100 gektar maydon mavjud.
Shundan 5 ming 800 gektari Qiziltepa, 4 ming 300 gektari Navbahor, 1 ming 700 gektari Karmana, 1 ming 300 gektari Xatirchi tumanlariga to‘g‘ri keladi. Viloyat bo‘yicha 1 ming 14 gektar yer maydoni kuchli sho‘rlangan bo‘lsa, 3 ming 612 gektari o‘rta, 8 ming 474 gektari kuchsiz sho‘rlangan maydonlar sirasiga kiradi.
Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Sohibjon Rustam bobo” fermer xo‘jaligida yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va belgilangan agromeliorativ tadbirlarni sifatli o‘tkazishga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda bu haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda sug‘oriladigan yerlarning 65-70 foizi tabiiy sho‘rlanishga moyil. Chunki bunday yerlarda minerallashgan sizot suvlarining yer yuzasiga yaqin joylashgani ularni doimiy bug‘lanishiga va tuzlarning yer yuzasida saqlanib qolishiga olib keladi. Shuning uchun har yili sho‘rlangan yerlar tuzini yuvish muhim agromeliorativ tadbir hisoblanadi.
Sho‘r yuvishdan asosiy maqsad, qishloq xo‘jalik ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi uchun zararli bo‘lgan ortiqcha tuzlarni tuproqdan yuvish va sizot suvlarining minerallashishini kamaytirishdan iborat.
– Seminarda sho‘r yuvish ishlarini sifatli tashkil etish xususida so‘z bordi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Sho‘r yuviladigan yerlar 35-40 santimetr chuqurlikda shudgor qilib molalanadi, uzun yelkanli tekislagich bilan ikki yo‘nalishda qiyalik farqi 5 santimetr qilib tekislanadi.
Chunki notekis yerlarda tuproqni bir xilda suv bostirib tuzlardan tozalab bo‘lmaydi. Bunda suvdan tejamli foydalanish imkoniyati ham yo‘qoladi. Sho‘rlangan yerlar asosan bostirib sug‘oriladi. Sho‘r yuvishda uchastka o‘qariqlari va chellar olinib, bo‘laklarga bo‘linadi, pollarning katta-kichikligi dalaning nishabligi va tekislash sifatiga qarab belginadi. Shuningdek, tadbirda sho‘r yuvishni avval kuchli sho‘rlangan maydonlardan boshlash kerakligi, bu tadbir kecha-yu kunduz davom etishi sabab fermer xo‘jaligi suvchilari rezina etiklar, maxsus xona va fonarlar bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
Seminar doirasida “Sohibjon Rustam bobo” fermer xo‘jaligining 6 gektarlik yer maydonida sho‘r yuvish tadbiri amalda ko‘rsatildi.
– Xo‘jaligimizdagi 15 gektar yer kuchli sho‘rlangan bo‘lib, sho‘r yuvish ishlari bajarilishi kerak edi, – deydi fermer xo‘jaligi raisi Rustam Bo‘ronov. – 1-sho‘r yuvish ishlarini nihoyasiga yetkazay deb qoldik. 2-sho‘r yuvish tadbirini rejaga ko‘ra fevral oyida o‘tkazamiz. Ushbu 15 gektarlik maydonimiz paxta ekiladigan yerlar hisoblanadi. Yerni tuzdan tozalab olsak, kelgusida hosildorlikning mo‘l bo‘lishiga zamin yaratgan bo‘lamiz. To‘rt nafar suvchimiz bor.
Hududlarda sho‘r yuvish tadbirlarining sifatli bajarilishi agroinspeksiya viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari inspektorlari nazoratida olib boriladi.
– Sho‘r yuvishni me’yorida o‘tkazishning bir nechta qoidalari bor, – deydi “O‘zagroinspeksiya” Xatirchi tuman bo‘limi inspektori G‘olib Xolmatov. – Jumladan, cheldan chelga suv quyib sug‘orish, suv quyilgan maydondan suv tashlash man etiladi. Suv quyiladigan maydon suvga to‘liq bostirilishi lozim, aks holda ish sifatsiz bo‘ladi.
Shu bilan birga suvdan unumli va tejamli foydalanish, sho‘r yuviladigan maydonni nazoratsiz qoldirmaslik shart. Sho‘r yuvish muddati kechiktirilsa, ya’ni bahorda o‘tkazilsa, yer osti sizot suvlari ancha ko‘tarilib, yuvilgan tuzlar chuqurroq tushmaydi. Natijada yerning yana qayta sho‘rlanishiga sharoit yaratiladi.
Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, qishloq xo‘jaligida o‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik va agromeliorativ tadbirlar kelgusida mo‘l hosil olishga mustahkam zamin yaratadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA