Sho‘r yuvish mo‘l hosil garovidir
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Samad Beshim” fermer xo‘jaligida “sho‘r yuvish” tadbiriga bag‘ishlangan seminarda viloyat va tuman qishloq xo‘jaligi tarmog‘i mas’ullari, fermerlar ishtirok etdi.
Tadbirda sohaga daxldor korxona va tashkilot vakillariga “sho‘r yuvish” mavsumini o‘z muddatida tashkil qilish, suvdan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma, tavsiya va aniq topshiriqlar berildi. Jumladan, kelgusi yil hosili uchun Buxoro viloyatida 200 ming gektarga yaqin ekin maydonida “sho‘r yuvish” ishlariga kirishilmoqda. Hozirga qadar 1300 kilometr uzunlikdagi zovurlarni tozalanishi esa sizot suvlarini o‘z vaqtida oqizib yuborish imkoniga ega.
– Agrar tizimdagi har bir agrotexnik tadbirga ilm va yangi innovatsiyalar bilan yondashish davr talabiga aylandi, – deydi viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amrullo Nazarov. – Har yilgidek, “sho‘r yuvish” tadbiri Olot, Qorako‘l va Jondor tumanlaridan boshlanadi. Negaki, sizot suvlari oqimining yo‘lida joylashgan ushbu hududlar ekin maydonlarida qisqa muddatda qishki sug‘orishni o‘tkazib, sho‘r parchalarini eritish dolzarb sanaladi. Bugunda suvning fermer dalasigacha yetib kelishi uchun davlat tomonidan katta mablag‘ sarflanmoqda.

“Amu Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi viloyat Meliorativ ekspeditsiyasi rahbari Xayriddin Bozorovning ta’kidlashicha, kuchli sho‘rlangan maydonlar yil sayin kamaytirilayotganligi bu boradagi ishlarning yuqori natijasidir. Bir so‘z bilan aytganda, viloyat dehqonchiligida muhim va dolzarb tadbir sanalgan “sho‘r yuvish” mavsumi boshlanmoqda. Bu esa bo‘lg‘usi hosilga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

“Amu Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoro viloyatida sug‘oriladigan 276,3 ming gektar yerning 41,2 ming gektari sho‘rlanmagan, 235,1 ming gektari esa turli darajada sho‘rlangan.

Shundan 5,9 ming gektari kuchli, 57,1 ming gektari o‘rtacha va 172,1 ming gektari kam sho‘rlangan maydonlarni tashkil qiladi. Shuning uchun har yili 88 ming gektardan oshiqroq maydonda ikki marotaba, 12 ming gektarda uch marotaba “sho‘r yuvish” ishlari amalga oshiriladi. Meliorativ ekspeditsiyasi tomonidan “sho‘r yuvish”dan oldin 10 ming 500 dan ortiq tuproq nuqtasi o‘rganilib, 3 mingdan ortiq nuqtada nazorat o‘lchovlari va kimyoviy tahlillar amalga oshirilgan.
Qishloq xo‘jaligida qish davrida yerning ustki qatlamidagi mavjud sho‘r parchalarini yuvmay turib, ko‘zlangan hosilni olish qiyin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.