Shoir Abayga ehtirom
Atoqli qozoq shoiri va mutafakkiri Abay ijodining o‘ziga xosligi qozoq og‘zaki ijodi an’analarini Sharq klassik she’riyati va G‘arb, xususan, rus adabiyoti bilan sintez qilib, qozoq milliy yozma adabiyoti va adabiy tiliga asos solganida yaqqol namoyon bo‘ladi. U nafaqat shoir, balki faylasuf, bastakor va yirik ma’rifatparvar sifatida millat tafakkurini o‘zgartirgan buyuk ijodkor.
10-avgust kuni poytaxtimizdagi Abay haykali poyida yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, milliy madaniyat markazlarining vakillari, Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari to‘plandi. Shoir tavallud kuniga bag‘ishlangan adabiy tadbirda Abay ijodi va uning boy ma’naviy merosi haqida batafsil so‘z yuritildi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Yerali To‘g‘janov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Behzod Shukurov, O‘zbekiston Qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov, Qozog‘istondagi O‘zbeklarning etnomadaniy birlashmalari raisi Ikrom Hoshimjonov, shuningdek, ijodkor va ilmiy ziyolilar ishtirok etdi.

Tadbirda Abayning ma’naviy va intellektual merosi ahamiyati, shuningdek, uning qozoq va o‘zbek xalqlari o‘rtasida asrlar davomida shakllangan madaniy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari ta’kidlandi.
Abay ijodi Markaziy Osiyoning mushtarak madaniy makonining ajralmas qismi hisoblanadi. Uning gumanistik g‘oyalari turli xalqlar va avlodlar vakillari uchun hamisha yaqin va tushunarli.

Tadbir ishtirokchilari Abay ijodining alohida ahamiyati, uning adabiyot, ma’rifat va ma’naviy madaniyatni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidladi.

Darhaqiqat, Abay Alisher Navoiy, Firdavsiy, Nizomiy va Fuzuliy kabi Sharq mutafakkirlarini o‘ziga ustoz bilib, ulardan falsafiy teranlikni o‘rgangan. Shuningdek, Pushkin, Lermontov, Gyote va Bayron asarlarini yuksak mahorat bilan tarjima qilib, qozoq she’riyatiga yangi janr va shakllarni olib kirgan.


Toshkentda Abay tavallud kunining o‘tkazilishi asrlar davomidagi do‘stlik, mushtarak tarix, ma’naviy yaqinlik va qardosh ikki xalqning o‘zaro hurmatiga asoslangan qozoq-o‘zbek munosabatlarining o‘ziga xos xususiyati yana bir bor yaqqol namoyon bo‘lgani ifodasi bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA