"Shohsulton sulolasi" bolajonlar ixtiyorida
Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi "Tafakkur" mahallasida “Shohsulton sulolasi” deb nomlangan 100 o‘rinli davlat xususiy sherikchilik asosidagi yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Viloyat hokimligi tomonida tadbirkor Sharofatxon Mirzakarimovaga “nol” qiymatda ajratib berilgan foydalanilmay turgan bino o‘rnida qad rostlagan mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi uchun tadbirkorning o‘z mablag‘i hamda bankdan olingan kredit hisobidan qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Zamonaviy qiyofaga ega ushbu muassasada bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Muassasada musiqa, sport, gimnastika, ingliz, rus tillari to‘garaklari faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotining ishga tushishi bilan 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

– Ayni kunda Bo‘ston tumanida 27 davlat, 5 ta nodavlat, shuningdek, 34 ta uy bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Bo‘ston tumani maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Mavludaxon Sobirova. – Umuman, Bo‘ston tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish 75 foizga yetkazilgan.
Joriy yil davomida tumanda yana bir nechta bolalar tarbiya maskanlarining ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA