Shohimardon yo‘lidagi sun’iy to‘siq olib tashlandi
Qirg‘izistonning Botken viloyatida O‘zbekiston bilan chegaradosh "Qadamjay-Avtodorojniy" va "Chechme-Avtodorojniy" nazorat-o‘tkazish punktlarida maxsus operatsiya o‘tkazilib, 27 nafar chegara, bojxona va veterinariya xizmati xodimi qo‘lga olindi, deb xabar berdi Qirg‘izistonning 24.kg nashri.
Unda qayd etilishicha, operatsiya 5-iyul kuni kechqurun Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (DMXQ) xodimlari hamda “Alfa” maxsus bo‘linmasi ishtirokida o‘tkazilgan. Qo‘lga olinganlar korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, tintuv davomida ayrim xizmat avtomobillaridan naqd pul chiqqan. Shuningdek, “Chechme-Avtodorojniy” nazorat punktining ikki xodimi noqonuniy pul olayotgani videokuzatuv kameralari orqali qayd etilgani aytilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Chechme-Avtodorojniy” punktidan 11 nafar, “Qadamjay-Avtodorojniy” punktidan esa 16 nafar xodim DMXQ Botken viloyati boshqarmasiga olib ketilgan. Bundan tashqari, ikki dona AK-74 avtomati, ikki o‘qdon va 60 dona o‘q-dori musodara qilingan.
Ilgariroq, farg‘onalik jurnalist va bloger Ahror Ziyo o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida ayni mavzuga oid munosabat bildirgan edi:
– Shohimardonga Qirg‘iziston orqali kirsangiz, 20 000 so‘m to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Bu to‘lovning huquqiy asosi haqida esa yetarli ma’lumot berilmaydi. Bundan tashqari, qo‘shni davlat chegarasida sun’iy ravishda tirbandlik yuzaga keltirilayotgani bo‘yicha ham e’tiroz bor. Ayrim hollarda avtomobillar 5-6 soat navbat kutadi. Shuningdek, ba’zi haydovchilar chegarachilarga pul berib, navbatsiz o‘tib ketayotganiga ham guvoh bo‘ldik.
Shunday qilib, endi Farg‘onadan Shohimardonga o‘tish yo‘lidagi chegara-nazorat punktlariga o‘rnatilgan yashil chiroq yanada yorqin yona boshladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA