«Shoh Mashrab ixlosmandlari» taqdimot qilindi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan taniqli shoirlar Jamoliddin Muslim va Nosirjon Yusupovning «Shoh Mashrab ixlosmandlari» nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Mirzo Kenjabek, shoir Sirojiddin Rauf va boshqalar taqdimoti o‘tkazilayotgan kitobning mazmun-mohiyati haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirishdi. Mualliflar kitobni to‘plash, yozish va chop etish mashaqqatlari haqida gapirdi.
Namanganlik ma’rifatli ziyokor Yusufxon Alixonov haqidagi mazkur kitob o‘quvchining tafakkuri yuksalishida, yoshlar tarbiyasida alohida ahamiyatga egadir. Chunki Yusufjon Alixonovning bosib o‘tgan umr yo‘li ibratli hayot maktabidir. Binobarin, kitob qahramoni mumtoz adabiyotimiz namoyondalarining chin ixlosmandidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, asarda Shoh Mashrab ijodiga bo‘lgan ehtirom ko‘rsatilgan. Shuningdek, Namangan tarixi, unda yetishib chiqqan allomalar, shoirlar, asori atiqalar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tilgan. Bu esa yurtimiz tarixiga qiziquvchilar uchun muhim manba vazifasini o‘taydi.

– Kitob asosan uch qismdan iborat, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Jamoliddin Muslim. – Birinchi qismida – qahramonimizning hayoti, faoliyati, ijodiy gurunglar, ikkinchi qismida – «Mashrab izdoshlari» gurunggi a’zolarining ijodlaridan namunalar, uchinchi qismida – u kishi bilan olib borgan izlanishlarimiz, Namangandagi tarixiy yodgorliklar, ulug‘ allomalar haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan. Kitobimizni tasavvuf ilmini mustahkam egallagan ustozlarimiz yuqori baholashyapti. Bundan ijodkor sifatida mamnunman.
Kitob «Oltin nashr» nashriyoti tomonidan 2000 nusxada chop etilgan. Unda «Shoh Mashrabning Nurota safari», «Bahri tavili Mashrabi shahid», «Yaqin o‘tmishda Namangan», «Xasti Langar ziyoratgohi», «Tarix tilga kirganda» nomli qator maqolalar, xotiralar berilgan.
Eslatib o‘tamiz: Jamoliddin Muslimning hozirgacha «Ko‘kka o‘rlayotgan iztirob», «Qalb istehkomi», «Muhabbatli manzillar», «Shaffof buloqlar», «To‘kilmas yaproqlar» kabi she’riy to‘plamlari kitobxonlar e’tiboriga havola etilgan.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar mazkur to‘plamning eng muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tishdi. Bu kabi ulug‘ ajdodlarimiz, buyuk tariximiz haqida so‘zlovchi asarlar xalqimiz uchun, yoshlarimiz uchun ko‘proq kerakligi xususida ta’kidlashdi.

– Mashrab haqida chala, uzuq-yuluq gaplardan voz kechish vaqti keldi,– deydi shoir Mirzo Kenjabek. – Kitob bilan tanishar ekanman, unda Mashrab shaxsiyatiga to‘g‘ri baho berilgani, mualliflarning tasavvuf ilmidan chuqur xabardor ekanligidan mamnun bo‘ldim. To‘g‘ri, kitob targ‘ibga muhtoj emas, ammo foydali, kishilarga ma’rifat urug‘ini sochuvchi kitoblarni targ‘ib qilish foydadan xoli emas.
Mualliflar yig‘ilganlarga «Shoh Mashrab ixlosmandlari» kitobini ulashishdi. Tadbirda Mashrab nazmiga murojaat etilib, g‘azallari sharhlandi.
D.Mamatova, O‘zA