Shogirdlar qalbiga yoʻl topgan murabbiy
Mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizda yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buning samarasida ruhan tetik va jismonan baquvvat boʻlib kamol topayotgan yoshlarimiz nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini yanada yuksaltirmoqda.
Buning misolini joriy yilning avgust oyida poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida taekvondo (WT) boʻyicha kadetlar oʻrtasidagi jahon chempionatida vakillarimiz qayd etgan natijada koʻrishimiz mumkin. Dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 850 ga yaqin yosh taekvondochi gʻoliblik uchun bahs olib borgan jahon chempionatida terma jamoamiz aʼzosi Zafarbek Karimov jahon chempionatining oltin medalini qoʻlga kiritib, musobaqaning eng yaxshi sportchisiga aylandi.
Shuningdek, yana bir isteʼdodli sportchimiz Muhammadamin Aliyev terma jamoamizga bronza medalini taqdim etdi.
Albatta, Vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qodir sportchilarni tarbiyalashda malakali murabbiylarning oʻrni beqiyosdir. Taekvondo (WT) boʻyicha kadetlar terma jamoasi murabbiyi Jasur Boyqoʻziyev shunday ustozlardan biridir.
...Oiladagi sportga boʻlgan qiziqish yosh Jasurni sport tomon yetakladi. U dastlab futbol, boks, dzyudo toʻgaraklariga qatnadi. Oʻn olti yoshidan esa taekvondo (WT) bilan shugʻullanishga qaror qildi va birinchi ustozi Dilshod Toʻraqulov qoʻl ostida shugʻullana boshladi.
Taekvondo bilan muntazam shugʻullanib, mahoratini oshirgan Jasur 2008-yili Oʻzbekiston chempionatida gʻolib boʻldi va milliy terma jamoamizga qabul qilindi. Yosh sportchimiz xalqaro maydondagi ilk gʻalabasiga 2012-yili Germaniyadagi turnirda erishdi. 2013-2014-yillar davomida Fransiya, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarda oʻtkazilgan nufuzli musobaqalarda bir necha bor shohsupaga koʻtarildi. Toshkentda taekvondo (WT) boʻyicha XXI Osiyo chempionati va Janubiy Koreyaning Incheon shahrida oʻtgan XVII Osiyo oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi. 2015-yilning may oyida Rossiyaning Chelyabinsk shahrida oʻtgan jahon chempionatida ikkinchi oʻrinni egalladi.
Jahon arenalarida toʻplagan tajribasi, taekvondoga boʻlgan mehri uni 2016-yilda murabbiy boʻlishga undadi. Bir necha oy davomida tajribali sport ustozlaridan bilim oldi va oʻsha yili Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi yordamchisi sifatida faoliyatini boshladi.
– Taekvondo boʻyicha qator musobaqalarda gʻolib boʻldim, sportchi sifatidagi orzularimga erishdim, – deydi J.Boyqoʻziyev. – Endi yosh shogirdlarimni oʻzim yeta olmagan marralarga olib chiqishni maqsad qilganman. Toʻgʻri, hozir ham musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilishga tayyorman. Lekin, eng avvalo, kelajakka mustahkam poydevor qurish kerak. Shu sababli oʻrnimni yoshlarga boʻshatib berdim. Murabbiy sifatidagi eng katta orzuim Olimpiya oʻyinlari gʻolibini tayyorlash.
J.Boyqoʻziyev 2017-yili bosh murabbiy Akmal Ergashev bilan birgalikda Janubiy Koreyada oʻtgan dunyo birinchiligida terma jamoamizni ulkan yutuqlar tomon yetakladi. U murabbiy sifatida ishtirok etgan ilk musobaqada shogirdlari Nikita Rafalovich kumush va Dinoraxon Mamadibragimova bronza medalini qoʻlga kiritdi.
2018-yili ham murabbiy, ham sportchi sifatida Vyetnamning Xoshimin shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. 87 kilogrammgacha vazn toifasida dayanga chiqib, kumush medal sohibi boʻldi.
Har bir musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrishi, eng asosiysi, koʻnglida mamlakat sharafini munosib himoya qilishdek ezgu niyati boʻlgan Jasurni Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi mutasaddilari kadetlar terma jamoasiga murabbiy sifatida tayinlashdi. Bosh murabbiy Sobir Nazaraliyev bilan birga faoliyatini boshlagan Jasur yosh bolalarga Olimpiya oʻyinlaridan joy olgan taekvondoning nozik jihatlarini oʻrgata boshladi.
Uning bolalarga mehribonligi va har bir vazifani berishda oʻzgacha uslubga ega ekani yosh sportchilarni gʻalaba tomon ruhlantirdi. Buning natijasida joriy yilning avgust oyida poytaxtimizda oʻtgan kadetlar oʻrtasidagi jahon chempionatida terma jamoamiz bittadan oltin va bronza medalini qoʻlga kiritib, sportimiz tarixida yorqin iz qoldirdi.
– Men terma jamoaga qabul qilinishimdan avval bosh murabbiy Sobir Nazaraliyev sport klubida shugʻullanganman, – deydi jahon chempionatining bronza medali sohibi Muhammadamin Aliyev. – Toʻgarakka kelgan dastlabki yillarda Jasur aka sportchi sifatida bizga mahorat saboqlarini koʻrsatganlar va oʻzlari erishgan natijalar, gʻalabaga qadar boʻlgan qiyinchiliklarni qanday yengib oʻtganini aytib bergan. Oʻshanda men oʻzimga ular kabi chempion boʻlishni va nasib qilsa, terma jamoada ular qoʻl ostida mashqlar oʻtkazishni orzu qilganman. Mana, maqsadimga yetdim va jahon chempionati shohsupasiga koʻtarildim.
Ha, sportda erishgan yutuqlar har bir sportchining murabbiy sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Jasur Boyqoʻziyev kelgusida oʻzi kabi yuksak marralarni zabt etadigan yoshlarni, yangi-yangi isteʼdodlarni kashf etishiga ishonamiz.