Shofirkonlik ijodkor yoshlar taqdirlandi
Vatanparvarlik – insonlarning ona yurtiga, o‘z oshyoniga muhabbati va sadoqatini ifodalaydigan tushuncha. Vatanparvarlik barcha kishilar, xalq, millatlar uchun umumiy bo‘lgan, asrlar davomida sayqallanib kelgan umuminsoniy tuyg‘u, ma’naviy qadriyatlardan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab, “Vatanparvarlik oyligi” doirasida mamlakatimizda keng qamrovli tadbirlar o‘tkazildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati Shofirkon tuman bo‘linmasi tomonidan mazkur oylik doirasida “Yuksak ma’naviyat – Vatan himoyachisining qudrati” mavzusida “Nazm”, “Tasviriy san’at”, “Eng yaxshi videorolik” yo‘nalishlarida onlayn tanlov o‘tkazildi.

Akademik To‘ra Mirzayev nomidagi Axborot-kutubxona markazida tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar hamda faol ishtirok etgan 30 ga yaqin ishtirokchiga tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tuman bo‘linmasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bunday tanlovlarni tashkil qilishdan asosiy maqsad, yoshlarning ta’til davomidagi bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ijodkor o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, aholi va yoshlar dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarligi, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorligi, kitobxonlik madaniyati, savodxonligini oshirishdan iborat.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari.
O‘zA