Shodi bobo xonadonida shaxmatchilar bellashdi
FOTOREPORTAJ
Jizzax shahri ahli Shodi bobo Murodovni lafzi halol savdo xodimi, mahalla faoli va shaxmat jonkuyari sifatida yaxshi tanishadi. Uzoq yillar savdo tizimida ishlagan otaxon azbaroyi shaxmatga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli 2008 yilda Jizzax shahrida “Shohruh” shaxmat klubini tashkil qilgan edi. O‘tgan yillar davomida mazkur klub a’zosi bo‘lgan ko‘plab yoshlar respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
[gallery-6375]
84 bahorni qarshi olgan Shodi otaning xonadoni shu kunlarda yana shaxmatsevarlar bilan to‘ldi.
- Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab shaxmat turniri tashkil etsam, deya dilimga tugib qo‘ygandim, - deydi Shodi bobo Murodov. - Niyatim ijobat bo‘ldi. Iqtidorli yosh shaxmatchilarning shijoatini ko‘rib, havas qilaman. Ularning safi kengligini ko‘rib, behad quvonaman.
Shu kuni shahar va tumanlardan kelgan 28 nafar havaskor shaxmatchi o‘zaro kuch sinashdi. Rapid usulida o‘tkazilgan musobaqada 7 ta tur bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda 7 ochko jamg‘argan Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi O‘ktam Sheraliyev mutlaq g‘olib bo‘ldi. 5,5 ochko to‘plagan Sharof Rashidov tumanidagi Bobur mahallasidan kelgan havaskor shaxmatchi Baxtiyor Eshnazarov ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. 5 ochko to‘plagan Jizzax shahridagi 22-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Otajon Oybekov uchinchi o‘rinni egalladi.
Jamshid YORBEKOV (surat),O‘zA