«Shiroq» tarixiy filmini suratga olish ishlari yakunlandi
Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan afsonaviy Shiroq qahramonligi ekranlarda. Ushbu tarixiy filmning suratga olish jarayonlari yakunlandi.
Kinorejissyor Muzaffarxon Erkinov tomonidan Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan afsonaviy qahramon - Shiroq jasoratiga bag‘ishlangan «Shiroq» tarixiy filmini suratga olish ishlari yakunlandi. Film Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida suratga olindi.
Ayni paytda filmning tasvirga olish jarayonlaridan beksteyj lavhalari taqdim etildi.
Muzaffarxon Erkinov avval ham «Avloniy», «Abdulla Oripov», «Maxtumquli Firog‘iy» kabi qator tarixiy filmlarni suratga olgan.
Filmda Elbek Fayziyev, Sanan Allaz (Ozarbayjon), Yulduz Rajabova, Dilorom Karimova, Boir Xolmirzayev, Anvar Kartayev, Maruf Otajonov, Adianes Palasio Mendes (Kuba) va boshqa aktyorlar ishtirok etgan.
«Shiroq» tarixiy filmi orqali ajdodlar jasorati, Vatan ozodligi yo‘lidagi fidoyilik va yurtga sadoqat g‘oyalarini keng yoritish ko‘zda tutilgan. Film yosh avlodni milliy tarix va ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
O‘zA