Shirmonbuloq qishlog‘ida yangi maktab ochildi
Andijon viloyati Buloqboshi tumanining chekka Shirmonbuloq qishlog‘ida kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi tashkil etilib, yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Maktab ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim maktablari uchun moslashtirilgan binolar qurish, maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur ish sharoitlari yaratish, o‘quvchilarning puxta bilim olishi, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Qishloqdagi qariyb o‘n besh yil avval ta’mirlangan 300 o‘rinli 30-umumta’lim maktabi “Zamonaviy maktab” loyihasi doirasida kapital rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 330 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilishi hisobiga maktab to‘la yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Shuningdek, maktabda 90 o‘rinli faollar zali, 60 o‘rinli oshxona, kimyo va biologiya fanlari uchun maxsus, shuningdek, laboratoriya xonalari qurildi, sport zali mukammal ta’mirlandi. Qurilish-ta’mirlash ishlari “BILL XXI” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi, zamonaviy mebel va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.
Qurilish, ta’mirlash va jihozlash uchun 4 milliard 20 million so‘m byudjet mablag‘i sarflandi. Endilikda zamonaviy ko‘rinishga ega, barcha shart-sharoitlar yaratilgan mazkur 55-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘quvchilar kimyo va biologiya fanlarini chuqur o‘rganish, puxta bilim olish imkoniga ega bo‘ldi.
Maktab ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
[gallery-3709]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA