Shijoatli ustozlar hamisha qadr topadi
Yurtimizda amalga oshiriladigan har bir islohot jarayonlarining o‘z shukuhi bilan birga, uni tashkil etish, xalqqa yetkazib borishning ham ulkan mas’uliyati bor. Bu esa ommaviy axborot vositalari vakillaridan yuksak matonat va munosib shijoat talab qiladi.
Har bir sohaning o‘z mahoratlilarigina xalq ichida obro‘ topib, el koriga yaraydi. Mana shunday shijoatli insonlardan biri O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Dunyo boʼylab» telekanali» davlat unitar korxonasi «Axborot-tahliliy dasturlar» muharririyati bosh muharriri G‘ofur Jamolovdir.
U Navro‘z, Mustaqillik va boshqa shu kabi yurtimiz bayramlarida turli tadbirlar tashkil etib, xalqning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari, chuqur islohotlarga doir qarashlarini shakllantirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.
G‘ofur Jamolov 1963 yil 4 yanvar kuni Toshkent viloyati, Uchtepa tumani «Katta qani» mahallasida tug‘ilgan. 1988 yil O‘zbekiston Milliy universitetini filolog, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1981 yilda Uchtepa tumanidagi 203-maktab yoshlar harakati yetakchiligidan boshlagan.
1985-1999 yillarda Respublika radiosi Bosh direksiyasi Efirga uzatuvchilar bo‘limi efirga uzatuvchisi, Ijtimoiy-siyosiy eshittirishlar bosh muharririyati muharriri, «Axborot» bosh muharririyati katta muharriri, sharhlovchisi, «Xalqaro hayot» bosh muharririyati bosh muharriri, «Axborot» bosh muharririyati bosh muharriri sifatida faoliyat yuritgan.
1999-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot-targ‘ibot tahlil markazining konsultanti, Ommaviy-axborot vositalari bilan ishlash markazining konsultanti sifatida faoliyat olib borgan. 2000-2007 yillarda «Yoshlar» radiokanali siyosiy sharhlovchisi, «Davr» axborot dasturlari muharririyati bosh muharriri, 2007-2013 yillarda «Yoshlar» telekanali «Davr» axborot dasturlari muharririyati muxbirlar punkti bosh muharriri, mas’ul kotibi, Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi dasturlari bosh muharririyati mas’ul kotibi lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, G‘. Jamolov o‘z mehnat faoliyati davomida mamlakatimizda o‘tayotgan barcha siyosiy jarayonlarda faol bo‘lib, har yili Mustaqillik bayrami oldidan Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi va boshqa idoralar tomonidan poytaxt va viloyatlarda tashkil etilayotgan targ‘ibot-tashviqot kampaniyalarida siyosiy sharhlovchi sifatida qatnashib keladi.
G‘. Jamolov uzoq yillar radioda faoliyat yuritishi qatorida 1995 yildan buyon «Assalom O‘zbekiston», «Siyosiy sharhlovchilar davrasida», «O‘zbekiston va jahon», «Dunyo hafta ichida», «Yuzma-yuz», «Munosabat» kabi o‘nlab teleko‘rsatuvlarda siyosiy sharhlovchi sifatida o‘zining chuqur sharh va mulohazalari bilan qatnashgan.
Jumladan, 1996-1998 yillarda Germaniyaning o‘sha paytdagi prezidenti Roman Hersog, Indoneziyaning o‘sha davrdagi rahbari Suxarto, Pokiston bosh vaziri Benazir Bxutto va boshqa davlat rahbarlari tashriflariga bag‘ishlangan «O‘zbekiston» telekanali orqali efirga berilgan o‘nlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatuvlarda o‘zining chuqur siyosiy qarashlari bilan ishtirok etgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning BMT, SHHT, MDH kabi xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar, qator xorijiy davlatlar bilan kelgusidagi do‘stona aloqalari, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni va roli kabi dolzarb masalalarda ham o‘z qarashlarini bayon etib kelgan.
G‘. Jamolov xalqaro maydonda kechayotgan siyosiy jarayonlar, xalqaro tashkilotlarning o‘rni va roli, jahon mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar, Markaziy Osiyodagi siyosiy vaziyat, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning nafaqat mintaqa va O‘zbekiston, balki butun dunyo xalqlari uchun muhimligini yaxshi biladigan va uni keng ommaga yetkazish qobiliyatiga ega, dunyoqarashi keng tajribali siyosatchi hamdir.
U O‘zbekiston va xorijiy davlat rahbarlari ishtirokidagi ko‘plab anjumanlarda o‘zining dolzarb va mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik chuqur saviyali savollari bilan ishtirok etgan va e’tiroflarga sazovor bo‘lgan.
G‘. Jamolov o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarishi qatorida, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi rahbariyati tomonidan beriladigan har qanday topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashadigan xodimlardan hisoblanadi. Buni 2014 yil 17 dekabrdagi qaroriga ko‘ra tashkil etilgan «Mahalla» ma’rifiy teleradiokanali misolida ko‘rish mumkin. U 2014 yilning oktyabridan 2015 yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda ushbu yangi ma’rifiy kanal uchun tayyorlanadigan ko‘rsatuvlarning g‘oyaviy yo‘nalishi, mahalla institutining barcha qirralarini aks ettirgan turli dolzarb mavzularni belgilash va shu asosda ko‘rsatuvlar tayyorlash, ularni ko‘rikdan o‘tkazish, kamchiliklarini bartaraf etib, sifatli tarzda efirga berish jarayonida o‘z maslahatlari bilan faol ishtirok etib, telekanalning shakllanishiga muhim hissa qo‘shdi.
G‘. Jamolov O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidagi 35 yillik faoliyati davomida o‘nlab yosh kadrlarga ustozlik qilgan.
U Prezidentimizning mamlakatimizda turizm industriyasini yanada rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yuksaltirish, yurtimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan qator farmon va qarorlari mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka yetkazish, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizmni rivojlantirish dasturi ijrosiga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. Uning ko‘p qirrali va sermazmun faoliyati tizim jamoatchiligi va el-yurt hurmatini qozongan.
G‘.Jamolov ayni paytda «Axborot-tahliliy dasturlar» muharririyati bosh muharriri sifatida mamlakatimizda qabul qilinayotgan davlat dasturlarining joylardagi ijrosiga bag‘ishlangan «Tahlil», «Efirda biz», «Turizm yangiliklari», «Jahon yangiliklari», «Borib ko‘ramiz», «Islohotlar amalda», «Viktorina» kabi tahliliy, axborot va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarni tayyorlashda bosh qosh bo‘lmoqda. Shuningdek, telekanal va muharririyat tarkibini yosh umidli kadrlar bilan to‘ldirish, ularni ishga jalb etish va tajriba hamda mahoratini oshirishda o‘zi rahbarlik qilayotgan muharririyatda «Ustoz-shogird» an’analarini yo‘lga qo‘ygan. bugungi kunda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti va O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetlari bilan yaqin hamkorlik qilib talabalarning telekanaldagi amaliyot jarayonlariga jalb etmoqda.
G‘ofur Jamolov yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga kuzatuvchi sifatida emas, balki chuqur mas’uliyat his etgan holda bevosita ishtirok etadi. Shu bilan birga jamoat ishlarida ham faol. Xususan, 2017-2019 yillar davomida Xalq deputatlari Uchtepa tumani kengashi deputati sifatida tuman xalqi va «Paxtakor» MFY aholisining murojaatlari asosida amalga oshirgan ishlari, muammolar yechimi yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlari, izlanishlari saylovchilarning yurtimizda olib borilayotgan bugungi siyosatga bo‘lgan ishonchining yanada oshishiga turki bo‘ldi, deyish mumkin.
Mana 30 yildirki, o‘zi yashayotgan Uchtepa tumanidagi «Katta qani» mahallasida jamoatchilik ishlarida faol. Xususan, mahalla ahli, ayniqsa yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish, ertamiz egalarini vatanparvarlik, fidoyilik, xalqimizning azaliy qadriyat hamda urf-odat va an’analarini e’zozlash ruhida tarbiyalash, oilalar mustahkamligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish kabi muhim ishlarda faollik va jonkuyarligini ko‘rsatib, mahalladoshlari hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Shu bilan birga, ko‘p yillardan beri prokuratura, ichki ishlar, bojxona, soliq, ta’lim tizimlarida xalqaro maydon va davlatimizda kechayotgan siyosiy jarayonlar, ularning mohiyati va ahamiyati yuzasidan siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi ma’ruzalari bilan qatnashib keladi.
Eslatib o‘tamiz, G‘ofur Jamolov 1996 yil «Yilning eng faol jurnalisti», 2005 yil «Do‘stlik» ordeni, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10, 25, 30 yilligi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
2007 yilda esa «O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi» sifatida e’tirof etildi.
O‘zA